Uyda tayyorlangani zaharli ekan. Ko‘chada saqlanganichi? Ularning sifatiga kafolat bormi? O‘tgan hafta Urgutdagi to‘yda odamlarning ovqatdan ommaviy zaharlangani haqidagi xabar tarqaldi. Bunga uy sharoitida tayyorlangan mayonezli salat sabab bo‘lgani qayd etildi.

Umuman, ovqatdan zaharlanish holati ko‘pincha, uyda tayyorlangan salat, konservadan yoki boshqa taomdan kelib chiqqani aytiladi. To‘g‘ri, hamma bekalar ham pazandalik sirlarini yaxshi bilmas yoki ayrim salat yoki taomlarni tayyorlashning me’yorlariga, sanitariya-gigiyenaga amal qilmas. Eshitgani yoki ko‘rgani asosida tayyorlab ko‘rishga urinishi mumkin. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin masalliqlarning sifati, yaroqlilik muddati bilan ko‘pchilik ayollar, hatto bozor-o‘char qiladigan erkaklar ham qiziqmasligi, bunga e’tibor qaratmasligi haqiqat.

Ayniqsa, keyingi paytda bir-ikki so‘m arzon deb mahsulotni ulgurji bozordan yoki shu turdagi savdo do‘konlaridan xarid qilishga odatlanayotganimizda sotib olayotgan mahsulotning qanday sharoitda saqlanayotgani, yaroqlilik muddatiga e’tibor qaratishni unutib qo‘yamiz. Ulgurji savdoga keltirilgan ko‘p miqdordagi mahsulotlarni esa maxsus joylarda, ombor yoki muzlatkichda saqlashning imkoni yo‘q. Shuning uchun do‘kon oldida yoki ko‘cha chetida terib qo‘yilgan holda savdoga chiqarilmoqda va xaridor shu yerdan olib ketyapti.

Havo salqin paytlardaku bu salbiy holatlarga olib kelmasligi mumkin (shunda ham mahsulotni ko‘chada, yo‘lakda terib qo‘yish savdo va xizmat ko‘rsatish talablariga qanchalik mos keladi?). Ammo, yoz paytida, havo harorati anomal ko‘tarilib ketayotgan issiq kunlarda-chi? Istalgan bozor yoki savdo markaziga borib ko‘ring yoki yo‘l yoqalaridagi yirik do‘konlar atrofiga qarang – barchasida suv va boshqa ichimliklar, moy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari quyosh nuri tushadigan joyda, yo‘laklarda ochiq holda terib qo‘yiladi. Bu mahsulotlar orasida sifati tez buziladigan mayonez va taomlarga qo‘shiladigan boshqa qo‘shimchalar, tuxum va shirinliklar ham bor. Ayrim savdo do‘konlarida esa kolbasa mahsulotlarini ham ochiq holda rasta ustiga terib qo‘yib sotishadi. Eng yomoni, ko‘p hollarda kolbasaning qachon ishlab chiqarilgani haqidagi yorliq yoki belgilar umuman, qo‘yilmaydi. Ayni paytda esa to‘ylarda yoki boshqa oilaviy marosimlarda dasturxonga go‘sht mahsulotlari tortilayotganda albatta, kolbasa ham qo‘yiladi.

Mutaxassisning aytishicha, belgilangan haroratda saqlanmagan, quyosh nuri ostida qolgan mayonez, kolbasa singari tez buziladigan mahsulotlar ichak tayoqchalari, stafilokokk, streptakok ko‘payishiga olib kelar ekan. Xuddi shunday – quyosh nuri tushadigan joyda terib qo‘yilgan rangli va rangsiz ichimliklar, suv ham iste’mol qilinganidan so‘ng organizmda turli nojo‘ya holatlarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.

Bu talablarni ko‘pchiligimiz, ayniqsa, shu sohalarga mas’ullar ham yaxshi bilishadi. Ammo, bilsak-da savdo tartib-qoidalariga zid harakat qilayotganlarga e’tiroz bildirmaymiz. Mas’ul idoralar esa tadbirkor faoliyatiga aralasha olmaymiz, deb ochiq-oydin qoidabuzarlik, savdo-sotiq tartiblariga rioya etmaslik holatlariga ham ko‘z yumadi. Bundan esa oxir oqibat iste’molchi aziyat chekadi, ovqatdan zaharlanish, turli yuqumli kasalliklar yuzaga keladi.

Tadbirkor-chi? Nega u o‘z manfaati, to‘rt so‘m pul topish ilinjida hech narsadan tap tortmaydigan bo‘lib qoldi. Qonun-qoidani pisand qilmas, halol-haromni, insof-diyonatni ham unutganmi? Savdoda halollik muhimmasmi, baraka halol-poklikda-ku. Yana bir masala – to‘yxona va oshxonalarning sanitariya holati. Yaxshi bilamiz, bugun aksariyat to‘yxonalarda, hatto restoran va kafelarda mavsumiy ishchilar, ko‘proq talabalar mehnat qiladi. Uy beklari idish-tovoq yuvadi. Aksariyati rasmiy qayd etilmaydi ham. Kunlik ishiga yarasha haq oladi. Ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani yoki umumiy ovqatlanish tizimida ishlash, xizmat ko‘rsatish ko‘nikmasiga egaligi haqida gapirish ham ortiqcha. Buniyam yaxshi bilamiz, lekin bizga kim, qanday xizmat qilayotganiga. Xullas, ovqatdan zaharlanish holatlari, turli yuqumli kasalliklar qayd etilayotgan ekan, buni faqat “uy sharoitida tayyorlangan” degan vaj bilan xaspo‘stlashmasdan, ularni yuzaga keltirayotgan sabablar, uning oqibatlari tahlil qilinishi, shunga qarab aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim. Aslida, chora-tadbirlar, tartib-me’yorlar mavjud, allaqachon belgilangan. Gap ularning ijrosini ta’minlash, har bir soha, tizim egalarining o‘z vazifalariga vijdonan yondashib, mas’uliyatini bajarishda qolgan, nazarimda.

G‘olib HASANOV, O‘zA.