Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, agrar sektorda qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan talabni qondirish, qishloq xo‘jaligi korxonalarini ma’nan va jismonan eskirgan texnikalar o‘rniga zamonaviy va resurstejamkor texnikalar bilan ta’minlashni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida 2023-yil 29-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorda banklar tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkinligi belgilangan.
Mazkur qaror mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2023-yil 4-avgust kuni soat 09:00 da “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirishdagi muammolar va istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Jamiyat Boshqaruvi mas’ullari, hududiy filiallari va uning sug‘urta markazlari xodimlari ishtirok etdi.
Dunyo tajribasidan ma’lumki, iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan turli tabiiy ofatlar, texnogen tusdagi halokatlar tufayli yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtiruvchi fermer va dehqon xo‘jaliklari ko‘radigan zararlar sug‘urta tizimi orqali qoplanadi. Biroq, O‘zbekiston sharoitida fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan sug‘urta xizmatlaridan foydalanish ancha sust. Ayrim qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilari hamon sug‘urtaga “ortiqcha xarajat” sifatida qaraydi.
Tadbir davomida qishloq xo‘jalik sug‘urtasini rivojlantirish borasidagi muammolar va kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari haqida fikr almashildi. Tadbirda ishtirokchilar, shuningdek, OAV vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.
Batafsil:
M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov O‘zA