Inson huquqlari insonning tug‘ilishidan to vafot etguniga qadar butun umri davomida unga hamrohlik qiladigan huquq va erkinliklardir. Mamlakatimizda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va unga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan olti oyda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 62 ta bandi bo‘yicha chora-tadbirlar bajarildi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, mazkur natija Milliy strategiya ijrosining 79 foizga bajarilganini bildiradi.
Qayd etilishicha, 2023 yil birinchi yarmida Milliy strategiya doirasida 7 ta qonun, 8 ta Prezident farmon va qarori, 3 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi, 1 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining (jami 43 ta band) 8 ta bandi bo‘yicha ishlar yakunlandi. Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari ijrosi yuzasidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining (jami 69 ta band) 14 ta bandi bajarildi.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini bajarish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakat rejasida belgilangan vazifalar to‘liq amalga oshirildi.
Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlariga oid tavsiyalari asosida “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi. Hujjat parlament palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi. Milliy markazga joriy yil birinchi yarmida pochta orqali 682 ta, shaxsiy qabul jarayonida 168 ta, telefon orqali 1 ming 200 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ular qonun talablari asosida ko‘rib chiqilib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA