Ayni kunlarda SSVning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish laboratoriyasi mutaxassislari AIBO – Xalqaro biznes xodimlari akademiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan seminarda ishtirok etmoqda.

“Rivojlangan mamlakatlar uchun tibbiy tasvirlash qurilmasini konfiguratsiya qilish va boshqarish” mavzusidagi ushbu seminar 14 avgustga qadar davom etadi. Ishtirokchilar o‘quv mashg‘ulotlari davomida Xitoyning farmatsevtika sanoati siyosati, sohaga yo‘naltirilgan investitsiyalarni boshqarishning so‘ngi tendensiyalari va modellari, yangi turdagi dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika, shuningdek, aqlli shifoxonalarni ishlab chiqishda hamkorlik qilish imkoniyatlari va shu kabi bir qator muhim ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tajriba almashadi.

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yana ikki nafar mutaxassisning Xitoyda malaka oshirishi rejalashtirilgan. Ular joriy yilning 11-24 avgust kunlari AIBO tomonidan tashkil etiladigan “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun an’anaviy Xitoy tibbiyotiga asoslangan sog‘liqni saqlash” mavzusidagi o‘quv-seminarida ishtirok etadi.

Ma’lumot uchun, Xalqaro biznes xodimlari akademiyasi (AIBO) Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligiga bevosita bo‘ysunuvchi ta’lim muassasasi hisoblanib, 1980 yilda tashkil etilgan. Inson resurslarini rivojlantirish va hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

O‘zA