Sud-huquq islohotlaridan ko‘zlangan maqsad qonun ustuvorligini ta’minlash orqali fuqarolarning huquqlarini himoyalashdir. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlarining mazkur islohotlar samaradorligiga qo‘shayotgan hissasi o‘ziga xos.

O‘zA muxbiri Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori Muzaffar EGAMBERDIEVga sohaga oid bir necha savollar bilan murojaat qildi.

– Sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda faoliyat samaradorligini yaxshilashda MIB organlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?  

– Joriy yilning olti oyida sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda faoliyat samaradorligini yaxshilashga qaratilgan muayyan yutuqlarga erishildi. Izchil chora-tadbirlar natijasida jami 18,3 trillion so‘mlik undiruvlar amalga oshirildi. Davlat foydasiga 7,2 trillion so‘m undirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan umumiy undiruv 4,1 trillion so‘mga, ya’ni 29 foizga, davlatga undiruv 1,9 trillion so‘m – 37 foizga o‘sdi.

– Byuro organlari tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy vazifaga aylangan. Bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami qanday?  

– Tadbirkor boyisa, ishi rivojlansa, bundan faqat va faqat elga foyda. Chunki tadbirkorlar tufayli yangi-yangi tashabbuslar qanot yozadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, hududlarda ishlab chiqarish salmog‘i ortib, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi. Shu bois byuro organlari tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy vazifaga aylangan. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga 10,2 trillion so‘m, fuqarolarga 969,5 milliard so‘m undirilib, bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 2,2 trillion so‘mga ko‘paydi.

Milliy qonunchiligimizda mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasi yaratilgan. Ijro ishlari ta’minlanishida byuro organlari bu jihatga ham e’tibor qaratmoqda. Misol uchun, fuqarolarning mol-mulkiga daxl qilmasdan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan axborot texnologiyalari yordamida masofaviy tarzda ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlar tomonidan 331 milliard so‘mlik 884 mingga yaqin hujjat ijro qilingani diqqatga sazovor.

– Bugungi kunda yurtimizda energiya resurslaridan oqilona foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etadi, umuman, energetika tizimining barqaror rivojlanishida byuro organlarining hissasi qanday bo‘lmoqda?  

– Ta’kidlash joizki, aholining hayot sifati darajasi va farovonligini oshirishda barcha sohalar qatori elektr energetika tarmog‘i ham muhim o‘rin tutadi. Ammo ushbu resursdan xo‘jasizlarcha foydalanish, ishlatilgan energiya haqini to‘lamaslik energiya tizimlari samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayni paytda dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan energiya resurslari sohasida 31 700 dan ziyod ijro ishlari tamomlanib, 268,1 milliard so‘mlik qarz undirilgani mamlakatimiz energetika tizimining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

– Byuro organlari faoliyatida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha qilinayotgan ishlarning ko‘lami qanday?  

– Yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining  1-moddasida O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani mustahkamlangan. Ushbu moddadagi ijtimoiy davlat tushunchasi esa nihoyatda keng qamrovli. Bunda aholining ijtimoiy va moddiy muhofaza qilinishi qat’iy ta’minlanadi, ko‘makka muhtoj fuqarolar mustahkam g‘amxo‘rlik ostida bo‘ladi.

Masalan, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” hisobiga 420 milliard so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 149,5 milliard so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Bu esa ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizning turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi tayin.

– Sir emas, ba’zan er-xotinlar kelisholmay, ajrashsa, aliment to‘lashdan qochadiganlar ham uchraydi…

– Bola huquqlari sohasidagi qonunchilik asosini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etib, unga muvofiq, har bir bola tug‘ilishi bilanoq inson va fuqaroning huquq, erkinliklariga ega bo‘ladi hamda bu davlat tomonidan kafolatlanadi.

Ajrashgach, bolalari holidan xabar olmaydigan, aliment to‘lashdan qochadiganlar ham uchraydi. Byuro organlari tomonidan aliment undirish to‘g‘risidagi hujjatlar ijrosini ta’minlash – dolzarb vazifalardan biri. Ushbu yo‘nalishda bajarilgan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1,1 trillion so‘mlik aliment mablag‘lari undirilganini ko‘rish mumkin. Shundan 562,4 milliard so‘mi undiruvchilarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berildi.

Bu borada qarzdor fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot va profilaktika tadbirlar samarasi o‘laroq, aliment mablag‘larini o‘z ixtiyori bilan to‘lab kelayotgan fuqarolar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,6 foizga oshdi. Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tashkil etilgan “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi – qarzdor bo‘lgan fuqaro voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni biryo‘la undiruvchiga to‘lab berishga qaratiladi. Bu ham bolalar haq-huquqini himoyalashdagi katta g‘amxo‘rlik aslida. Ayni paytda jamg‘arma hisobidan 702 nafar undiruvchiga 9,6 milliard so‘m pul mablag‘lari to‘lab berildi. Bu bilan yetti yuzdan ziyod o‘g‘il-qiz moddiy qiyin sharoitda qolishining oldi olindi.

Ba’zan aliment to‘lay olmaslik holatlari o‘rganilganda bir jihat e’tiborni tortadi. Ya’ni fuqaro aliment to‘lash istagida bo‘lsa ham, lekin ishsizligi tufayli buni uddalay olmaydi. Agar ularning doimiy ish bilan band bo‘lishiga yordam berilsa, muammo ham yechiladi. Shu bois mehnat bilan band bo‘lmagan yurtdoshlarimizdan 16 391 nafari ishga joylashtirilgani ularning har oyda aliment to‘lovlari to‘lanishi bilan bog‘liq muammolariga ham yakun yasadi.

Ba’zi oilalarda arzimagan sabab bilan mehr-oqibat ko‘tarilib, er-xotin ajrashmoqchi bo‘lganda mahalla-ko‘y, qavm-qarindoshlar pand-nasihat qilib, nikohni saqlab qolishga intiladi. Byuro xodimlari ham nafaqat aliment qarzdorliklarini undirish, shuningdek, ajrashgan oilalarni yarashtirishni o‘zlarining burchi deb bilishadi. Hamkor tashkilot va idoralar bilan olib borilgan tushuntirish ishlarimiz jarayonida 23 895 ta oila yarashtirilgani ana shunday ezgu amallarimiz  natijasidir.

– Bilamizki, Majburiy ijro byurosi organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlari davom etmoqda. Bu boradagi yangiliklar bilan tanishtirsangiz?  

– Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda barcha sohalarga zamonaviy axborot-texnologiyalarini joriy qilish orqali ular faoliyatini raqamlashtirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada kuchaytirish hamda samaradorlikni oshirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Majburiy ijro byurosi organlari faoliyati ham bundan mustasno emas. Fuqarolarni bezovta qilmaslik maqsadida elektron tizim orqali 1 million so‘mgacha bo‘lgan 158 mingta ijro hujjati  bo‘yicha undiruv avtomatik ravishda qarzdorlarning ish haqiga qaratildi.

“Sun’iy intellekt” orqali davlat ijrochisining aralashuvisiz qarzdorlarga tegishli 2,3 millionta avtotransport va maxsus texnikalar, 1,3 millionta ko‘chmas mulklarga taqiq qo‘yildi. Shuningdek, qarzdorlarga “SMS-Xabarnoma” avtomat tizimi orqali har bir ijro harakatlari bo‘yicha 17,6 millionta SMS xabarlar yuborildi.

“MIB Portal” dasturidan Davlat soliq qo‘mitasining elektron bazasi orqali qarzdor yuridik shaxslarning soliq kabinetiga ijro ishlari bo‘yicha qabul qilingan 88 mingta qaror onlayn jo‘natildi.

Aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvdagi 3000 ga yaqin qarzdor haqidagi ma’lumot Byuroning veb-saytiga joylashtirildi.

Telegram tarmog‘idagi MibuzBot kanali orqali aliment undiruvlari bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar hamda Majburiy ijro byurosi davlat ijrochilari o‘rtasida onlayn tezkor aloqa xizmati yaratildi.

Aynan ushbu bot orqali 4 ming 69 ta alimentga doir murojaat tezkorlik bilan hal qilinishi ta’minlangan. Qayd etish kerakki, ijro sohasi samaradorligini oshirishda yutuqlar oz emas, ammo hali oldimizda yanada katta vazifalar turibdi. Ayni paytda ham aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, ijro samaradorligini oshirish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

– Fuqarolarning huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmatini hurmat qilish muhim sanaladi…

– So‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan yangi bosqichdagi sud-huquq islohotlari zamirida inson qadrini yuksaltirish va manfaati uchun xizmat qilish bosh maqsadlardan biridir. Ayniqsa, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv bugungi islohotlarning bosh tamoyiliga aylanmoqda.

Yaxshi bilamizki, byuroning davlat ijrochilari o‘z ishlarini amalga oshirishda bevosita aholi vakillari bilan muloqot qilishiga to‘g‘ri keladi.

Shu bois fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘ladigan, xizmat mavqeini suiiste’mol qilish hamda bunga imkon bergan shart-sharoitlarga barham berish borasida xodimlar o‘rtasida doimiy profilaktik ishlar olib boriladi.

Bu borada xodimlarning xatti-harakatlari bo‘yicha kelib tushgan 154 ta murojaatning 134 tasi hal etilgan.

Byuroning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda ommaviy axborot vositalari xabarlari asosida xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. “Byuro xodimi” degan nomga dog‘ tushirgan xodimlarga nisbatan murosasiz munosabat bildirilmoqda.

Har bir ijro ishi ortida fuqarolarimizning manfaati, taqdiri, sha’ni va qadr-qimmati bor ekan, uni ijro etish asosiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi.

 

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV

suhbatlashdi.