Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ta’kidlandi.
Unda maktabgacha ta’lim tizimining turli yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyati sarhisob qilindi.
Xususan, 2023 yil iyul holatida jami 30 ming 792 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 6 734 tasi davlat va 24 ming 58 tasi nodavlat (789 ta xususiy, 21 941 ta oilaviy va DXSH asosidagi 1 328 ta nodavlat MTT) maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Shuningdek, MTTlarda 2 million 111 ming 487 nafar yoki 72 foiz bola maktabgacha ta’limga qamrab olingan bo‘lib, shundan 647 ming 655 nafar 6 yoshli bolalarning 563 ming 331 nafari 2023-2024 o‘quv yilida maktabga chiqadiganlarni tashkil etadi.
Joriy yilning may oyida qayta jihozlangan 7 ta ISUZU HC-40 avtobuslari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga yuborildi. Natijada mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 156 ta MFYlarda 72 ta ISUZU HC-40 avtobuslari bazasida tashkil etilgan 429 ta mobil guruhlarida 7 ming nafarga yaqin 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olindi.
1 iyul holatiga ko‘ra, respublikada jami umumiy quvvati 650 guruhga mo‘ljallangan 74 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud. Ularda 576 guruh (88,6%) faoliyat ko‘rsatmoqda va 6 ming 77 nafar rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar tarbiyalanmoqda.
2022-2023 o‘quv yili davrida Maktabgacha ta’lim agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining malakali mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya tomonidan 8 976 nafar bola ko‘rikdan o‘tkazildi. 7 804 nafar bolaga davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan MTTlarga xulosa-yo‘llanma berildi.
Jami pedagoglarning 115 ming 130 nafari (75,3%) davlat va 37 ming 767 nafari (24,7%) nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga to‘g‘ri keladi. 2023 yilning yanvar-iyun oylari davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 7828 nafar rahbar va pedagog kadrlarning hamda pedagogika kollejlarining 71 nafar pedagog kadrlarining malakasi oshirildi.
Ta’kidlanishicha, Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufidagi 2 ta oliy ta’lim muassasasi: Toshkent shahridagi Puchon universitetida 1 426 nafar, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining filialida 612 nafar talaba tahsil olmoqda.
N. Usmonova,
O‘zA