Energetika vazirligi quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga o‘rnatish monopoliyaga aylanib qolgani haqida ijtimoiy tarmoqda chiqqan tanqidiy maqolaga rasmiy munosabat bildirdi.
“Mazkur maqolada bildirilgan voqealar anonim shaxslar nomidan bayon etilgan bo‘lib, faktlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Bugungi kunda butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham ekologik toza va arzon qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu energiya manbalari iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, bir necha yuz million kub metr tabiiy gazni tejashni ta’minlaydi hamda atmosferaga bir necha yuz ming tonna zararli gazlarning chiqishiga barham beradi.
Aytish kerakki, yurtimizda kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish davlat tomonidan emas, tadbirkorlik sub’ektlari (xususiy korxonalar) tarafidan amalga oshiriladi. Bugungi kunda yurtimizda quyosh fotoelektr tizimlarini va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish hamda ularga servis xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi 100 dan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari mavjud.
Ular mamlakatimizdagi qaysidir katta kompaniyalar bilan bog‘lanmagan, biri-biridan mustaqil, raqobatga kirishgan holda faoliyat yuritadi. Xorijdan quyosh fotoelektr tizimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish, mamlakat hududiga olib kirish, xaridorlarga yetkazib hamda o‘rnatib berish, shuningdek, ularga servis xizmatlari ko‘rsatishda ham hech bir tadbirkorlik sub’ektiga cheklov qo‘yilmagan. Ya’ni, aholi vakillari, tadbirkorlar o‘zlari istagan tadbirkorlik sub’ekti bilan shartnoma imzolab, o‘z hududiga quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatishi mumkin.
Bunda hech qanday majburlashlarga va xarid qilishda qiyinchiliklar tug‘diradigan (qimmat narx, foizlarni oshirish kabi) holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
2023 yilda “Yashil energiya” MCHJ tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralari ehtiyojlari uchun umumiy quvvati 10 MVtli quyosh fotoelektr stansiyalarini xarid qilish, o‘rnatish va ularga texnik xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha “Sun High Tech” (2 MVt), “Eleve Fast Service” (2 MVt), “Humo Solar” (2 MVt), “Ogma Projects” (2 MVt), “O‘zbekenergota’mir” (2 MVt) kompaniyalari bilan jami 93 milliard so‘m qiymatda shartnomalar imzolandi.
Shuningdek, quyosh panellarini xarid qilish bo‘yicha “Tongwei Solar (Hefei) Co., Ltd” va ular uchun On-Grid invertorlarini xarid qilish bo‘yicha “Huawei International Co. Ltd” kompaniyalari bilan umumiy quvvati 300 MVtga teng quyosh panellari va invertorlari yetkazib kelinishi bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Ta’kidlash o‘rinliki, agar joriy yil boshida 1 kVt quvvatga teng quyosh panelini o‘rnatish narxi 11,5 million so‘mga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu raqam bugungi kunda 8,5 million so‘mdan iborat bo‘lyapti. Shuning o‘ziyoq sohada raqobatning mavjudligini va tadbirkorlar mijoz uchun tannarxni pasaytirishdan, ularga qo‘shimcha imtiyozlar yaratib berishdan manfaatdorligini isbotlaydi”, deyiladi munosabatida.
N.Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA