Belarusda bo‘lib o‘tayotgan II MDH sport o‘yinlari doirasidagi rasmiy tadbirlar dasturiga muvofiq, mazkur nufuzli sport bayramining yetakchi uch jamoasi Belarus, Rossiya va O‘zbekiston delegatsiyalari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan kechgan ushbu ochiq, do‘stona muloqotni Belarus sport va turizm vaziri Sergey Kovalchuk ochib berdi.

– Sportning asosiy vazifasi odamlarni birlashtirish, – deya oddiy so‘zlar bilan ifodalashga harakat qildi fikrini mezbon mulozim. – Afsuski, kimlardir sportni siyosiylashtirishga urinmoqda. Bizning mamlakatimiz eshiklari esa hamma uchun ochiq va biz har qanday hamkorlikka tayyormiz.

Rossiya sport vaziri Oleg Matitsin, o‘z navbatida, jurnalistlar e’tiborini bir muhim holatga qaratdi.

– Bugungi ko‘p qutbli dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar ko‘pgina sohalar qatori jismoniy tarbiya va sport hamjamiyatidan ham o‘ziga xos yechimlar topish, boshqacha aytganda, hamkorlikning an’anaviy shakllaridan voz kechishni taqozo etmoqda, – deydi u. – Asosiy maqsad sportni rivojlantirish ekan, biz hech qachon ushbu tizimni hech bir muayyan yondosh tizimga qarshi qaratmaymiz. Binobarin, hamjamiyatimizda yangicha – ochiq, shaffof, do‘stona sheriklik shaklini rivojlantirish uchun tajriba ham, imkoniyat ham, resurs, vosita va omillar ham yetarli.

O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan mamlakatimiz yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov so‘z olib, odatdagidek, bir necha aniq, istiqbolli takliflar bildirdi. Jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘yinlarini tashkil etish tashabbusi barcha hamkasblarimiz diqqat-e’tiborini tortdi.

– Menimcha, sport kun tartibi ayni kunda juda rang-barang va boy, – dedi Adham Ilhomovich. – Shu bilan birga bugungi o‘zgaruvchan olamda sohamiz rivoji bir joyda muqim turib qolishi mumkin emas. Demak, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish maqsadida sobit ekanmiz, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi formati bilan cheklanib qolish yaramaydi.

Vazirimiz xorijlik jurnalistlar savollariga javob berarkan, SHHT bilan bir qatorda, BRIKS, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi samarador hamkorlik formatlarini ham soha rivoji uchun xizmat qiladigan loyihalarga faol jalb qilish rejalariga to‘xtaldi. Mamlakatimizning bu boradagi ilg‘or tajribasi, tashabbuslari xususida batafsil ma’lumot berdi,

G‘ayrat XONNAZAROV,

Yoqubjon MELIBOEV (foto, video), O‘zA