Igor Savitskiy tavalludining 108 yilligiga bag‘ishlanadi
Igor Vitalevich Savitskiy- rassom, restavrator, etnograf, san’atshunos, Nukus san’at muzeyining asoschisi va birinchi rahbari.
I.V.Savitskiy 1915 yil 4 avgustda Kiyevda tavallud topgan. U Markaziy Osiyoga ilk marotaba 1942 yilda, institut tomonidan Samarqandga evakuatsiya qilinganida kelgan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Igor Savitskiy 50-yillarida Moskva maarkazidagi uyini qoldirib, Nukusga ko‘chib o‘tadi va noyob kartinalar kolleksiyasini to‘playdi.
U Qoraqalpog‘iston bo‘ylab safarlari, ekspeditsiyalar jarayonida xalq amaliy san’ati namunalarini o‘rganadi va to‘playdi.
Savitskiyning butun hayoti 1966 yilda o‘zi tashkil qilgan san’at muzeyi bilan bog‘liq. U umrining oxirigacha muzeyi uchun yangi shoh asarlarni qidirish bilan shug‘ullangan.
Savitskiy bir necha yil ichida muzeyga rus va Turkiston avangard tasviriy san’atining eng to‘liq kolleksiyalaridan birini yig‘ishga muvaffaq bo‘ladi. Ushbu to‘plam Qoraqalpog‘istonning bezakli-amaliy san’atida eng muhim va qadimiy Xorazm arxeologik eksponatlari orasida noyob kolleksiyalardan biri sanaladi.
Muzeydan birinchilar qatorida A. Isupov, L. Kramarenko, N. Ulyanov, R. Falk, M. Voloshin, R. Mazel, A. Volkov, M. Kurzin, N. Karaxan, U. Tansiqboyev, V. Ufimsev va boshqa rassomlarning asarlari joy olgan.
Savitskiy muzeyga nafaqat mahalliy aholi, balki butun dunyodagi san’at ixlosmandlari tashrif buyurishlarini orzu qilgan va uning bu orzusi ro‘yobga chiqdi.
Qayd etish joizki, Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi mamlakatimizdagi eng katta muzeylardan biri sanaladi. Undagi kolleksiyalar rus avangard asarlari kolleksiyalari orasida ahamiyati va hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi va Osiyo mintaqasidagi eng yaxshi badiiy kolleksiya sifatida e’tirof etiladi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA