2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida 2023 yilning I yarim yilligida 7,4 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, prognoz 179 foizga bajarilgan. Investitsiya dasturi doirasida 1,2 milliard dollarlik 32 ta yirik va ahamiyatli loyiha ishga tushirilishi hisobiga 5,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Shuningdek, ko‘rilgan qo‘shimcha choralar natijasida 341,8 million dollarlik 8 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 1,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida qayd etildi.

Yig‘ilishda Davlat dasturining joriy birinchi yarim yillikdagi ijrosi muhokama qilinar ekan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etdilar.

Ta’kidlanganidek, Davlat dasturida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, 750 mingta yangi dehqon xo‘jaliklarini tadbirkorga, yer egasiga aylantirish, buning hisobiga qishloqlarda ijtimoiy muammolar, avvalo, ishsizlik va kambag‘allik masalasini hal etish ishlarini davom ettirish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq keng qamrovli ishlar olib borilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, Davlat dasturida maktabgacha ta’lim qamrovini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, malakali o‘qituvchilar oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1000 AQSH dollari ekvivalentiga yetkazish, pedagog-kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish, Oliy ta’lim qamrovini 50 foizga yetkazish bilan bog‘liq ko‘plab vazifalar belgilangan va bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish, kasbga o‘qitish ko‘lamini 2 baravar oshirib, jami 1 million ishsiz fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish va bu jarayonda nodavlat ta’lim tashkilotlari ishtirokini 30 foizga yetkazish bo‘yicha amaliy ishlar qilingan.

O‘zMTDP fraksiyasi a’zolari “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 milliondan oshirish hamda mamlakatimizga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 9 million nafarga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham e’tibor qaratdilar.

To‘siqsiz turizm infratuzilmasini mamlakatimizning asosiy turizm shaharlariga keng joriy etish, 2026 yilgacha bu sohada band bo‘lgan aholi sonini 2 baravar oshirib, 520 ming nafarga yetkazish, 8 mingdan ortiq madaniy meros ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha davlat dasturini qabul qilish bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qildi.

Deputatlar belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha mas’uliyatni yanada oshirish lozimligini ta’kidlab, Davlat dasturining 2023 yil I yarim yildagi ijrosini ma’qulladilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA