Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023 yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, 2023 yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,6 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 5,6 foiz, xizmatlar – 6,4 foiz, qishloq, o‘rmon va baliqchilik – 3,8 foizni tashkil qilgan.

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari tomonidan Davlat dasturining partiya saylovoldi dasturi bilan hamohang bo‘lgan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, xususan, advokatura instituti jozibadorligini oshirish, sohaga yosh kadrlarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, Davlat dasturi doirasida boshlangan va amalga oshirilayotgan loyihalarni 2023 yilning qolgan davrida ham izchil davom ettirish, belgilangan vazifalarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligi qayd etib o‘tildi.

Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida 76 ta oilaviy shifokor punkti, 20 ta oilaviy poliklinika hamda 505 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, 1,8 million aholiga o‘z yashash joyida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati yo‘lga qo‘yilgan, 208 ta ko‘p tarmoqli tuman markaziy poliklinika hamda Toshkent shahridagi 70 ta oilaviy poliklinikada bolalar bo‘limlari tashkil etilgan. Bu boradagi sa’y-harakatlar Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan alohida e’tirof etildi.

Davlat dasturi doirasida barcha sohalar qatori atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalari bo‘yicha belgilangan bandlarning ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, maishiy chiqindilarni yig‘ishni 100 foizga, uni qayta ishlash darajasini 21 foizdan 50 foizga yetkazish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida 156 ta chiqindi tashuvchi texnika xarid qilinib, 79 ta texnika hududlarga yetkazib berilgan.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda atrof-muhit monitoringi doirasida 685 ta atmosfera havosi, tuproq va yer usti suv ob’ektlarining ifloslantiruvchi manbalaridan namunalar olish va ularni tahlil qilish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda 542 ta ob’ektning 1 ming 568 ta manbalarida monitoring o‘tkazilgan.

Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari) hududida jami 195 ming gektar maydonda “yashil qoplama”lar barpo etilgan. Nukus shahri atrofida 5 km masofada 3590 dona qayrag‘och kabi iqlim sharoitiga mos daraxtlar ko‘chatlari ekilgan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari global iqlim o‘zgarishlari sharoitida mintaqada yuzaga kelayotgan suv taqchilligini yumshatish maqsadida suv resurslarini boshqarishni tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish hamda bu borada nazoratni kuchaytirish, iqtisodiyot tarmoqlaridan havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish, maishiy chiqindilarni yig‘ishni va ularni qayta ishlash borasida belgilangan ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA