Korrupsiya har qanday jamiyat rivojlanishi uchun to‘siq bo‘ladigan ijtimoiy xavfdir. Har qanday korrupsiyaviy qonunbuzarlik yangi bir qonunbuzarlik sodir bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Yurtimizda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashishning yangicha samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari shakllantirildi. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiyasi, shuningdek, Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etildi. Ushbu illatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha maxsus komissiyalar tuzildi.

Shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning 25 yanvarida Prezidentimizning “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan vazirlik va idoralarning markaziy apparatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmalarini majburiy tartibda tashkil etish talabi belgilandi.

– Agentlikka joriy yilning 1-yarim yilligida  jami 1 562 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 535 tasining ko‘rib chiqilishi ta’minlandi, 35 ta murojaat bugungi kunda ko‘rib chiqilmoqda, -deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchisi Feruza Mirzakomilova. -Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat (tuman, shahar) hokimliklariga 18 ta so‘rovnoma yuborildi, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 13 ta taqdimnoma kiritildi.

Murojaatlarni o‘rganish natijasi asosida 6 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 1 nafar davlat idorasi xodimi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 4 ta qabul qilingan qaror bekor qilingan,  4 ta jinoyat ishi, 3 ta ma’muriy ish  qo‘zg‘atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Xalqimizning adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul shaxslar, balki har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Bu fuqarolarimizda korrupsiyaga, aniqroq aytganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyati, madaniyati shakllanishiga ham bog‘liq. Chunki har qanday qonunbuzarliklar sodir etilishiga, ko‘payishiga ko‘p hollarda o‘zimizning befarqligimiz, loqaydligimiz sabab bo‘lib kelmoqda. Barchaning yakdilligi, yurt taqdiriga daxldorligi kuchayishi har qanday illatning batamom barham topishiga xizmat qiladi.

Aytish lozimki, jamiyatimizning barcha a’zolari bilan bir qatorda davlat xizmatchilari tomonidan o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishining oldini olish uchun ularda halollik xususiyatining shakllanganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Olib borilayotgan bu kabi islohotlardan maqsad, yurtimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish, uning kelib chiqish sabablarini o‘rganish hamda bu illatni barcha sohalardan ildizi bilan qo‘porib tashlashdan iboratdir.

O‘tkir Mirzo, Doniyor Yoqub (video), O‘zA