Tez kunlarda poytaxtimizda Respublika bolalar kutubxonasi yana o‘z eshiklarini ochadi. 130-yillik  binoni rekonstruksiya qilish ishlari Peterburg  Ludi Architects me’morchilik byurosi loyihasi asosida 2020 yil sentyabr oyida boshlangan edi, deb xabar beradi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish  jamg‘armasining  matbuot xizmati.

Kutubxonani ichki pardozlash ishlari davomida ajoyib devoriy suratlar  topildi.  Quruvchilar devordagi rasmlarni qoplagan  7 ta bo‘yoq qatlamini mohirlik bilan olib tashlashdi. Rasmlar XX asrning 60-yillariga oid ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘lindi.

Pannolarni ehtiyotkorlik bilan tiklash va saqlab qolish uchun Turkiyaning Mesa kompaniyasidan sulolaviy restavratorlar  taklif etildi. Professor Myunnever Ucher, dotsent Kaya Ucher va  restavrator Elif Naz Ucher asarlarni tiklash ishlarini  boshlab yubordi.  Oldin ushbu restavratorlar jamoasi Topkapi saroyi, Istanbuldagi  Aya Sofiya va Sulaymoniy masjidlari hamda boshqa madaniy meros  ob’ektlarida shiftki rasmlarni   tiklash ustida ishlashgan.

– Restavratsiya ishlari davomida olingan ma’lumotlarga ko‘ra,  suratlar somon va loy  qorishmasidan tayyorlanib,  oftobda toblangan devorga   moybo‘yoq yordamida ishlangan. Bunday ashyo Turkiyada “kerpiç” yoki O‘zbekistonda “somon” deb ataladi.  Somonning moybo‘yoq bilan uyg‘unlashtirish  bugungi kungacha saqlanib qolgan ajoyib pannolarni yaratish imkonini bergan.  Biz bo‘yoq qatlamlarini Turkiyadagi  restavratsiya laboratoriyasida  tahlil qilishni rejalashtirayapmiz. Bu bizga  topilgan suratlar tavsifi haqida yanada aniqroq xulosalar chiqarish imkonini beradi, – deydi dotsent Kaya Ucher.

– Ehtimol, manzarali pannolar bo‘yoqlarning eskirishi yoki tashqi shikastlanishlar,  yana bir taxminga ko‘ra, bino intererining o‘zgargani sababli bo‘yalib ketgan bo‘lishi mumkin.  Biz  asarning  asl tarovatini  saqlab qolish maqsadida restavratsiya jarayonida  an’anaviy usullarni qo‘llash, ularni ushbu  asarning betakror ranglari va bo‘yash texnikasiga moslashtirishni rejalashtirganmiz. Maqsadimiz – shikastlangan joylarni  bartaraf etish va saqlanib qolgan kartinalarni  munosib himoya bilan ta’minlashdir, – deydi professor Myunnever Ucher.

Respublika bolalar kutubxonasi sentyabr oyining boshlarida mehmonlarga o‘z eshiklarni  ochadi va tashrif buyuruvchilar qayta tiklangan  manzarali  pannolarni tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Rekonstruksiya loyihasi Sankt-Peterburning Ludi Architects me’morchilik byurosi  tomonidan ishlab chiqildi. Byuro 2005 yildan buyon me’morchilik va shaharsozlik g‘oyalarini ishlab chiqish,  binolar, shahar hududlari va jamoat  joylarining landshaft dizayni bilan  shug‘ullanadi.  Byuro muzeylar va madaniy ob’ekt binolari, xususan kutubxonalar va kitob fondlari bilan ishlashga ixtisoslashgan.

N. Usmonova  tayyorladi, O‘zA.