Milliy markaz o‘quv mashg‘ulotida

ana shu adolatli siyosatning tub mohiyati ochib berilmoqda

Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi ikkinchi bandi talabiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas. Joriy yil birinchi yarmida mamlakatimizning aksariyat hududlarida tashkil etilgan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv jarayoni shu mavzuga bag‘ishlandi.

Mashg‘ulotlar Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda muntazam o‘tkazilmoqda. Shu maqsadda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari jadvali, dasturi va moduli ishlab chiqildi.

Tashkilotchilar tomonidan tasdiqlangan 2023 yil davomida o‘quv kurslarini o‘tkazish rejasiga asosan, joriy yil 25-26 iyulda Jizzax, 27-28 iyul kunlari Sirdaryo viloyatlari Ichki ishlar boshqarmalarida oflayn va onlayn tarzda darslar tashkil etildi.

Mashg‘ulotda har bir hududdan 50 nafardan ichki ishlar, 10 nafardan prokuratura tizimi xodimi ishtirok etdi. Shu tariqa tinglovchilar tarkibiga ikki viloyatda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 120 nafar xodimi qamrab olindi.

Har ikki hududda mashg‘ulot boshida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yahyojon Abdulhaqovning videomurojaati tinglandi.

Ilk mashg‘ulotda Markaz bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori O‘tkir Ochilovning “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standart, asosiy tamoyillar”, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Dastlabki tergov va surishtiruv” kafedrasi katta o‘qituvchisi Bahodir Xudoyberdiyevning “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishi oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Abdumannop To‘laganovning “Qiynoq, muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti kafedra mudiri, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Mehmonali Suvonqulovning “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalasi”, IIV Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Quvonch Qodirovning “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzularidagi taqdimot-ma’ruzalari tinglandi.

Shuningdek, Markaz bosh mutaxassisi Dilbar Rashidova “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokol. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizm: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida taqdimot, inter faol amaliy mashg‘ulot o‘tkazdi.

O‘quv kursining ikkinchi kuni “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Xotin-qizlarga oid xalqaro va milliy standart” mavzulari tahlil etildi.

Ishtirokchilarga tegishli dastur va modul asosida tayyorlangan taqdimot, ma’ruzalar matni va boshqa ko‘plab tarqatma materiallar berildi. Yakunda test sinovlari o‘tkazilib, tinlovchilarga sertifikat topshirildi.

Mashg‘ulotlar davomida insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyog‘osti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdan iboratligiga jiddiy e’tibor qaratildi. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va tuzilmaning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan shaxslar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoq – insoniyatga qarshi jinoyat. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoq qat’iyan taqiqlanadi, ayni holatni oqlashga hech qachon, hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi.

Bu haqda so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1997 yil 26 iyun Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni sifatida e’lon qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur sanada dunyo miqyosida qiynoqqa butunlay barham berish hamda BMTning tegishli konvensiyasi yanada samarador ishlashini ta’minlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqi va erkinligi kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash zarur. Mazkur hujjat tufayli 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.

Aslida, mazkur kurslarni tashkil etish tashabbusi ham, dastavval, ayni shu qarorda aks etgan edi. Davlat rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi qarori esa ushbu yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarga yangi ruh bag‘ishladi.

Endilikda бундай qisqa muddatli o‘quv kurslarini doimiy ravishda tashkil etish ko‘zda tutilyapti. Eng muhim, mazkur mashg‘ulotlar BMT ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda tashkil qilinmoqda.

Farhod HAYITBOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Inson huquqlari sohasida ta’lim va ma’rifat

bo‘limi boshlig‘i