“El-yurt umidi” jamg‘armasining magistratura va doktorantura ta’lim dasturlari (bakalavriat dasturi bo‘yicha bitiruvchilar hali mavjud emas) asosida xorijda tahsil olib qaytib kelgan stipendiatlarning faoliyati tahlil qilindi.
2019 yildan 2023 yilning iyul oyi holatiga ko‘ra 1 626 nafar nomzod “El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlari g‘olibi bo‘lgan.
Shundan:
115 nafar magistratura, 20 nafari doktorantura dasturlarini, jami 135 nafar stipendiat xorijda o‘qishni tamomlab O‘zbekistonga qaytgan;
211 nafar bakalavriat, 139 nafar magistratura va 78 nafar doktorantura hamda 37 nafar ordinatura dasturi bo‘yicha, jami 465 nafar stipendiat xorijda tahsil olmoqda.
Jamg‘armaning magistratura va doktorantura dasturlarini tamomlab qaytib kelgan 135 nafar stipendiatlarning mehnat faoliyati tahlil qilindi, ulardan:
73 nafarining (55%) lavozimi o‘sgan;
26 nafarining (19%) lavozimi o‘zgarishsiz qolgan;
24 nafari (18%) talabalikdan so‘ng o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ilk bor professional faoliyatini boshlagan;
12 nafari (9%) esa ishga joylashish jarayonida.
Sohalar kesimida tahlil qilinganda, stipendiatlarning 33 nafari (24%) davlat xizmatida, 66 nafari (49%) ilm-fan va ta’lim sohasida, 13 nafari (10%) sog‘liqni saqlash sohasida, 7 nafari (5%) ishlab chiqarish sohasida, 14 nafari (10%) bank va sug‘urta sohasida mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Stipendiatlarning xorijda orttirgan bilim va ko‘nikmalaridan yanada samarali foydalanish, ular bilan doimiy ravishda ishlash, lavozimda o‘sishini monitoring qilish maqsadida individual tarzda Prezident maslahatchilari, ularning o‘rinbosarlari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, shuningdek, vazirlik va idoralar rahbarlari “Ustoz-shogird” tamoyillari asosida mentor sifatida biriktirildi.
O‘zA