• Yurtimizda qancha bolalar oromgohlari bor?

• Bolalar oromgohlaridagi  shart-sharoitlar talabga javob beradimi?  

• Bolalar nechchi yoshdan oromgohga qabul qilinadi?  

Kuzatuvchilarimizni qiziqtirgan mazkur savollarga O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali bo‘lib o‘tgan ovozli chat davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi  matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova javob berdi.

— Bu yilgi bolalar oromgohlari faoliyatiga qanday o‘zgarishlar kiritildi?  

—Bu yil bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish tizimi tubdan isloh etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yilning noyabr oyida “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi mamlakatimizda mutlaqo yangi tizimning joriy etilishiga sababchi bo‘ldi.

— Bu qanday tizim?  

— Avvallari ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan bolalarni respublika miqyosida sog‘lomlashtirish ishlari muvofiqlashtirib borilar edi. Lekin aynan Prezidentimiz qaroridan so‘ng federatsiya tizimida Bolalarni dam olish va sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

— Departament tuzishga ehtiyoj bormidi? 

— Albatta bor edi. Prezidentimiz qaroridan so‘ng mamlakatimizda besamar faoliyat yuritayotgan yoki qarovsiz qolib ketgan, sotuvga qo‘yib yuborilgan 79 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari kasaba uyushmalar tizimiga o‘tkazib berildi.

Bundan maqsad mamlakat miqyosida faoliyat ko‘rsatayotgan oromgohlarning moddiy-texnik negizini mustahkamlash, ya’ni qaysilarinidir yangidan qurish, boshqasini rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va barcha jihozlar bilan ta’minlagan holda bolalarga sifatli xizmat ko‘rsatishdan iborat edi.

Ushbu qaror chiqishi bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan katta ko‘lamdagi ishlar boshlab yuborildi. Aynan federatsiya tizimida mavjud bo‘lgan 25 ta oromgoh va tizimga o‘tkazib berilgan 75 ta oromgohda ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, mavsumga tayyorlandi. Ta’mirlashdan tashqari har bitta jihozlar ham yangilandi.

Undan tashqari respublikamiz bo‘yicha 15 ta yangi oromgoh qurilish ishlariga kirishildi. Bu harakatlar orqali nafaqat oromgohlar sonini ko‘paytirish, sifatini ham oshirish, bolalar ko‘lamini kengaytirish maqsad qilingan edi.

— Ayni kunlarda yurtimizda qancha bolalar oromgohi faoliyat yurityapti? Ularda qancha bolalar hordiq chiqarmoqda?  

—Bu yilgi mavsum 1 iyundan boshlandi. Respublika miqyosida 200 ta statsionar turdagi oromgohlar va 954 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mavsum davomida jami 310 ming 500 nafardan ortiq bolani sog‘lomlashtirish reja qilingan. Statsionar turdagi oromgohlarimizda 158 mingga yaqin o‘g‘il-qizlarni sog‘lomlashtirish, 153 ming nafar bolalarni esa sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb qilish ko‘zda tutilgan edi.

1 avgust holatiga respublikamiz miqyosida 1 ming 121 ta oromgoh ishlab turibdi. 196 ta statsionar turdagi oromgohlar, 922 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bolalar soniga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, bugungi kungacha statsionar turdagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida qariyb 142 ming nafar bola dam oldirildi. Sog‘lomlashtirish maydonchalariga esa 174 ming bola qamrab olindi.  Bu jarayon qizg‘in davom etmoqda.

—Bolalarni nechchi yoshdan oromgohga yuborish mumkin?  

—Oromgohlarda dam oladigan bolalar 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lishi kerak. Mana shu yoshdagi bolalar oromgohlarga qabul qilinadi.

 N.Rahmonova, Yo.Meliboyev (video), O‘zA