Joriy yilning 7-11 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Lochin” bolalar-sog‘lomlashtirish oromgohida II xalqaro “Yoshlar turizmi” qurultoyi bo‘lib o‘tadi.

Unda o‘tgan yilda bo‘lgani kabi Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkiya, shuningdek, boshqa viloyatlar va  Qashqadaryoning birodarlashgan  shaharlaridan yoshlar ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, qurultoy ishtirokchilari uchun qiziqarli tanlovlar va taqdimotlar, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar tayyorlangan. Ular taniqli san’atkorlar bilan uchrashadi va xalq ustalarining mahorat darslarida qatnashadi.

Qurultoyning eng faol ishtirokchilari va jamoalari sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

I xalqaro “Yoshlar turizmi” qurultoyi 2022 yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida bo‘lib o‘tgan edi. Unda 800 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA.