Ertaga, 4 avgust kuni Farg‘ona shahrida “O‘zbekistonda Meva-sabzavotchilik II forumi” start oladi.

Jahon banki, Yevropa ittifoqi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi, “Annexure Financial Solutions” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda meva va sabzavot yetishtiruvchi fermerlar, eksportchilar, soha mutaxassislari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etadi.

Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish barobarida 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyaning amaliy ijrosi, mamlakatimizdagi meva-sabzavotchilik sohasidagi yetishtirish, marketing sotish va eksport masalalarida olib borilayotgan ishlar va natijalar yuzasidan fikr almashishdan iborat.

Darhaqiqat bugungi kunda respublikamizda sohani rivojlantirish maqsadida klasterlar rolini kuchaytirish, kooperatsiyaning yangi mexanizmlarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilarni keng miqyosda moliyalashtirish va qishloq xo‘jaligi xizmatlari ko‘rsatilishini kengaytirish kabi tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Ertangi anjumanda “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi eksperti, bosh marketolog Husan Haydarovning “Meva va sabzavot mahsulotlarni Germaniya bozoriga eksport qilish” bo‘yicha tayyorlagan taqdimoti tinglanadi.

“Tashqi bozorda o‘zbek navlari istiqboli qanday?”, degan savol barchaga qiziq. Bunga ayni vaqtgacha yurtimizdan 180 xil meva-sabzavot mahsulotlari 80 davlatga eksport qilingani orqali javob berish mumkin. 2022 yil 1,6 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan.

Tadbirda O‘zbekiston meva-sabzavotchiligi seleksiyasi va urug‘chiligining hozirgi holati, urug‘chilik va ko‘chatchilikni tahlil qilish, birlamchi va nav urug‘chiligi yo‘nalishlarini rivojlantirish, sertifikatlash tizimini joriy etish, mualliflik huquqini himoyalash kabi dolzarb muammolar muhokamalar markazida bo‘lishi kutilmoqda.

Qayd etish joiz, bugungi kunda fermerlar intensiv texnologiyalarni joriy qilayotgani, korxonalar yangi yo‘nalishlar ochayotganiga qaramay navlarga bo‘lgan haq-huquqlarni himoya qilish, navlar va duragaylarni moslashtirish, ilgari surish, yuqori sifatli urug‘ va ko‘chatlarni tijorat maqsadida yetishtirishda uchrayotgan muammolarga yechim topish masalalari ham muhokama qilinadi.

Shuningdek, yig‘ilishda urug‘ va ko‘chat yetishtirish, eksportni rivojlantirish uchun qonunchilikni takomillashtirish borasida taklif va tashabbuslar ko‘rib chiqiladi.

Ma’lum qilinishicha, forumda eng muhim yo‘nalishlardan biri – “ShirinMeva” mobil ilovasi bilan bog‘liq savollarga javob beriladi. Mazkur ilovada besh yuzdan ziyod fermer xo‘jaliklari haqida ma’lumotlarni o‘qish mumkin. Shuningdek, “ShirinMeva” jurnalining elektron variantini, aynan, mana shu ilovada ko‘rish quvonarli.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA