Shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi uchun aybliligini isbotlash ekspert-kriminalistika sohasiga innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq qilishni taqozo etmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani tizim samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Sohaga raqamli kriminalistika keng joriy etilmoqda. Bu elektron shaklda saqlanadigan ma’lumotlarni aniqlash, olish, qayta ishlash, tahlil qilish va hisobot berishga qaratilgan sud ekspertizasi sohasidir.
Bu borada Ichki ishlar vazirligi kriminalistika sohasi xodimlarini zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlashga e’tibor qaratmoqda.
Nafaqat Ichki ishlar vazirligi, balki barcha hududlardagi ekspert-kriminalistika markazlari ekspert-kriminalistika guruhlari xodimlari zamonaviy “Kriminalistik” chemodanlar bilan ta’minlangan.
Bu xodimlarga jinoyatni joyida fosh qilish, aybdorga oid ma’lumotlarni ularning belgilari, barmoq izlari orqali tezkor aniqlash imkonini bermoqda.
Andijonlik fuqaro E.S. ichki ishlar organining «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, noma’lum shaxs uning “Cobalt” rusumli avtomashinasidan narxi 2 million 150 ming so‘m bo‘lgan avtomobil jihozini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanini ma’lum qilgan.
Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida hodisa joyidagi videokuzatuv kamerasi xotirasidan olingan videotasvirdagi noma’lum shaxs Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ekspert-kriminalistika markazining “Shaxsni identifikatsiya qilish tizimi” orqali tekshirilgan. Shunda bu shaxs Andijon tumanida ro‘yxatda turuvchi F.S ekanligi aniqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
«102» xizmatiga murojaat qilgan yana bir fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan savdo do‘konida boshqa xaridorlar bilan savdo ishlarida chalg‘iganidan foydalanib, kurtkasining cho‘ntagida bo‘lgan 3,5 million so‘m pulini noma’lum shaxslar o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilgan.
Tezkor qidiruv va surishtiruv ishlari mobaynida savdo do‘koniga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasidan olingan videotasvir “Shaxsni identifikatsiya qilish tizimi” orqali tekshirilgan. Shunda ushbu o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan shaxs Andijon shahrida yashovchi M.A. ekanligi aniqlandi.
Holat bo‘yicha fuqaro M.A.dan o‘g‘irlab ketilgan pullar xolislar ishtirokida bayonnoma orqali olingan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha ham Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA