Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, abituriyent imtihonga mikrokalkulyator, lug‘at, kitob, jadval, kompyuter, uyali telefon, shpargalkalar, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalarni olib kirishga harakat qilsa, ulardan foydalansa, test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa, ularga yordam bersa, bir-biri bilan gaplashsa, test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa, imtihon vaqti tugaganda test materiallarini topshirishdan bosh tortsa hamda abituriyentlarning tegishli tartib-qoidaga amal qilmagani videokuzatuvlar orqali aniqlansa, ular test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi.

Shuningdek, abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent kirish imtihonlaridan yoki abituriyent talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, oliy ta’lim muassasasi talabalari safidan chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

Afsuski, joriy yilgi test sinovlarida o‘z huquq va majburiyatlaridan to‘g‘ri foydalanmayotgan abituriyentlar ham uchrab turibdi.

Xususan, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan test sinovlarida kimyo fanidan test topshiriqlari aks etgan 7101863 raqamli test topshiriqlari kitobining varag‘ini yirtib chiqqan abituriyent Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 52-bandiga muvofiq imtihon jarayonlaridan chetlatildi.

Qayd etilishicha, abituriyentning test topshiriqlari kitobining varag‘ini yirtib olib chiqib ketishi videokuzatuv orqali aniqlangan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA