Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlarining qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazilganida 291 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Mazkur holat bo‘yicha tegishli ishlar qo‘zg‘atilgan va ishlar yakuni yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar yuborilib, 76 ta hujjat bekor qilingan.
Qo‘mita tomonidan o‘tgan olti oy mobaynida 6 ming 838 ta tender savdo jarayonida 10 ming 632 ta raqobatga zid harakat aniqlangan.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Project.gov.uz portali orqali qo‘mita va uning hududiy organlariga kelib tushgan 1 ming 242 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlangan. Shundan 104 ta qonunchilik talablariga zid normalar mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, davlat buyurtmachilari tomonidan joriy yilning iyul oyiga qadar davlat xaridlari elektron tizimlari (xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, tender.mc.uz) orqali amalga oshirilgan savdolarning 10 ming 433 tasi qo‘mita tomonidan tahlil qilinganida, o‘rganilgan tanlov (tender) savdolari tahlili natijasida buyurtmachilar tomonidan 1 ming 340 ta savdolar jarayonida 1 ming 375 ta raqobatga zid holatlar ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga va Hisob palatasiga ma’lumotnomalar taqdim etilgan. 95 ta holat buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan, 766 ta holat yuzasidan hududiy boshqarmalar tomonidan 267 ta ish qo‘zg‘atilib, 212 ta mansabdor shaxsga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA