“Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–255-son, 01.08.2023 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 sentyabrdan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil qilinadi.

Markaz otorinolaringologiya yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi hamda “Markaz – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari” tizimi asosida ishlaydi.

2024/2025 o‘quv yilidan Markazda otorinolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha tibbiyot kadrlarini klinik ordinatura orqali tayyorlash tashkil qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining otorinolaringologiya bo‘limlari Markazning hududiy filiallari hisoblanadi.

2024 yil 1 yanvardan otorinolaringologiya va yuz-jag‘ jarrohligi yo‘nalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.

2024 yildan zaif eshitadigan bolalarni koxlear implantatsiya amaliyotiga tayyorgarlik davrida qo‘shimcha yiliga kamida 2 000 ta raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror bilan shuningdek, 2023–2026 yillarda otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

O‘zA