Yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida qator islohotlar amalga oshirilib, zamonaviy imkoniyatlardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish borasida 1 ming 451 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilib, qayta tayyorlangan. Tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish uchun Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasining 2023 yil byudjetini shakllantirishda byudjet parametrlarida ajratilgan mablag‘lar doirasida 60 ta tibbiyot muassasasi bilan shartnoma imzolanib, tibbiyot muassasalarini bir satrda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aytib o‘tildi.

Joriy yilning 20 iyun kuni sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatovga “Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida integratsiyalashgan axborot tizimlari va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish holati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgan edi. Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar mazkur parlament so‘roviga yuborilgan javobni ko‘rib chiqdilar.

Vazirning javobiga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, viloyatdagi 14 ta shifoxona, dispanser va markazlarda “Tibbiyot axborot tizimi (mis.ssv.uz)”, 84 ta ambulator muassasada “MedHub elektron poliklinika” (medhub.uz) axborot tizimi joriy etilib, approbatsiyadan o‘tkazilgan. Natijada elektron navbat, shifokorlar ish jadvali va tibbiy muassasalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish, bemorlarni ro‘yxatga olish, shifokor qabuliga, onlayn navbatga yozilish, elektron retsept yozish, elektron yagona tibbiy karta shakllantirish va yuritish, ularni shifokorga yo‘naltirish, elektron laboratoriya yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat aholisining 96,8 foizi elektron dastur orqali oilaviy shifokorlarga biriktirilib, ularning sog‘lig‘i to‘g‘risida elektron ma’lumotlar bazasi (elektron yagona tibbiy karta) yaratilgan.

Sohani moliyalashtirish yo‘nalishida ham bir qator qulayliklar yaratilgan. Jumladan, mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘lar konsolidatsiya qilinib, mablag‘larni tibbiyot muassasalari bo‘yicha ularning hududiy joylashuvidan qat’iy nazar erkin taqsimlash imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, tibbiyot muassasalariga ajratilgan mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha moliyaviy mustaqillik berilgan. Natijada tuman va shaharlarning tutash chegarasida yashovchi aholiga geografik joylashuvi bo‘yicha o‘ziga yaqin tibbiyot muassasasiga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.

Tibbiyot muassasalari ajratilgan mablag‘larni ehtiyojdan kelib chiqib, erkin taqsimlash imkoniga ega bo‘ldi, shifoxonalarga ajratiladigan mablag‘larning 10 foizi bajarilgan ishlar natijasiga ko‘ra har bir davolangan holat bo‘yicha qayta hisoblanib, to‘lab berilmoqda. Fuqarolar uchun yashash manzilidan qat’i nazar, yashash joyiga yaqin bo‘lgan poliklinika, oilaviy shifokorlik punktida tibbiy xizmat olish imkoniyati yaratilgan.

Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi 128 ta davolash profilaktika muassasalarida lokal ichki tarmoqlar o‘rnatilgan hamda 21 ta muassasada lokal tarmoq tashkil etilmoqda. Tibbiyot muassasalari qariyb 5,5 ming dona kompyuter, 3,7 mingdan ziyod turli printerlar bilan ta’minlangan.

 

Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA