Parlament quyi palatasining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Bugungi kunda 2021 – 2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish Strategiyasiga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan iqtisodiyotda davlat ishtirokini asoslangan darajagacha qisqartirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash maqsadida davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qonun loyihasini qabul qilishdan asosiy maqsad davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish jarayonlarini ochiq va oshkoralik, qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirish, xaridorlarning ommaviy savdolarda ishtirok etishlari uchun teng sharoitlar yaratish, shu asosda xususiylashtirish natijalariga investorlar ishonchini ta’minlash hamda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirishdan iborat.

Qayd etilganidek, qonun loyihasini ishlab chiqishda ushbu sohadagi xalqaro tajriba o‘rganildi, xalqaro moliya tashkilotlari (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) va KPMG ekspertlari, shuningdek, “Indecon Consulting” kompaniyasi vakillari, ekspertlar, vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirok etgan.

Loyihada davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarida kimlar ishtiroki etishi hamda kimlarga mazkur jarayonda ishtirok etish taqiqlanganligi belgilangan. Shuningdek, davlat mulkini xususiylashtirishni amalga oshirish tartibi, ya’ni, xususiylashtirish uslublari, ularni tanlash mezonlari, davlat mulkini auksionda xususiylashtirish, tanlov savdolarida xususiylashtirish, muzokaralarga ommaviy taklif qilish yo‘li bilan xususiylashtirish, raqobatga asoslangan muloqot uslubida xususiylashtirish, birja savdolarida xususiylashtirish kabi jarayonlar aniq tartibga solinmoqda. Bundan tashqari, loyihada xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish, to‘lovlarni amalga oshirish tartiblari, eng asosiysi, xususiylashtirilgan davlat mulkiga nisbatan mulk huquqi kafolati va uning himoya qilish mezonlari belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligi ta’minlanishi, xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish ustidan davlat va jamoat nazorati yo‘lga qo‘yilishi, vakolatli organlarning xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari qonun doirasida aniq belgilanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

Nosirjon Haydarov(surat)

O‘zA