Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ishlar odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, qonun va sud oldida tenglik, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi kabi prinsiplar asosida amalga oshiriladi.

Mazkur qonun loyihasi bilan sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, sudning ajrimi ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilmoqda. Ya’ni, qonun loyihasida tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilyapti.

Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishish imkoniyatlari yanada kengayadi. Bunda birinchi instansiya sudining qaroridan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida ko‘rib chiqiladi. Sud ishidan yana norozi bo‘lingan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar Oliy sudning sudlov hay’atida qayta ko‘rib chiqiladi.

Endi yuqori instansiya sudlariga yanada katta mas’uliyat yuklanib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibining bekor qilinayotgani ham sud hujjatidan norozi shaxsning yuqori instansiyaga ishonchini mustahkamlaydi.

Muhokamalar davomida ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasi sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirishga hamda sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolar va tadbirkorlarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi moddama-modda muhokama qilinib, uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan viloyat sudlari hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida birinchi instansiyada ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish tartiblari belgilanmoqda.

Shuningdek, yangi qoida, ya’ni taftish instansiyasi orqali odil sudlovga erishishning imkoniyati joriy etilmoqda. Bunda taraflarning shikoyatlari viloyat sudida apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgandan keyin, ular sud qaroridan yana norozi bo‘lishsa, ularning taftish tartibidagi shikoyatiga asosan ushbu ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirishga, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama va to‘liq tekshirilishiga hamda xalqimizning sudlarga bo‘lgan ishonchining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda muhokama qilindi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA