Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Dastlab deputatlar “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

— Mazkur qonun loyihasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan kelib chiqadigan vazifalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, pedagoglarning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan, — dedi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Zohidov. — Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida tegishli vazirlik-idoralar vakillari, soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan moddama-modda ko‘rildi, takomillashtirildi va qator muhim o‘zgartirishlar kiritilib, maromiga yetkazildi. Qonun loyihasida pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, ular faoliyatining asosiy kafolatlari, ularning mehnatiga yarasha haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillari belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida pedagoglarga bir qator imtiyozlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, agar pedagog ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega bo‘lsa, har oylik ustama to‘lanishi nazarda tutilmoqda. Ushbu loyihaga muvofiq, davlat umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar davlat tomonidan o‘quv qo‘llanmalar, birlamchi o‘quv-metodik materiallar va o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlanadi.

Pedagogning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida muayyan mansabdor shaxsning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodim biriktirilishi va biriktirilgan mazkur pedagogga qo‘shimcha haq to‘lanishi kabi kafolatlar ham mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, qator savollar o‘rtaga tashlandi. Fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA