Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun JXX JTSB kinologiya bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni aholiga yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Respublika hududida huquqbuzarlikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, aholi ko‘p yig‘iladigan joylar, aeroport, temir yo‘l vokzallarida yuz berishi mumkin bo‘lgan har qanday jinoyatlarni xizmat itlari yordamida aniqlash kinologlarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi JXX JTSB kinologiya bo‘limida jami 37 xizmat iti mavjud. Kinologiya bo‘limida mavjud xizmat itlarining kasallikka chalinishining oldini olish, voqea joyiga chiqishda doim shay turishi uchun veterinariya xizmati ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Soha xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlarining kinologiya bo‘linmalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “A’lochi kinolog” ko‘rik tanlovlarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Olti oy mobaynida kinologlar tomonidan 194 voqea joyiga chiqilib, shundan giyohvandlik moddalar bilan bog‘liq 22 ta, 107 ta o‘g‘irlik, 2 ta qotillik va 2 ta boshqa turdagi, jami 134 ta jinoyat aqlli jonivorlar ishtirokida ochilishiga erishildi. Chimboy tumani “Qizil o‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini hududida qotillik yuz berdi. Jinoyatchini qidirishga ichki ishlar, shu jumladan, kinologiya xizmati xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari jalb etiladi.
Uyga o‘g‘irlikka tushgan jinoyatchini kelinchak ko‘rib qoladi. Jinoyat izini yashirish uchun jinoyatchi uning tanasini turli qismlariga qoziq bilan urib qasddan o‘ltiradi. Tergov-tezkor guruh tarkibida voqea joyiga yetib kelgan instruktor-kinolog, serjant Sharapat Jarekeyev o‘zining “Garri” laqabli xizmat iti bilan ishga kirishadi. Xizmat itlari berilgan vazifani asosan hid orqali bajaradi. Ko‘zdan kechirish jarayonida shu atrofdagi ekinzor orasidan qotil foydalangan qoziq, chala bitgan uyning ichidan uning qonga belangan kiyimlari topiladi. Natijada, yo‘nalish bo‘yicha olib borilgan tezkor qidiruv ishlari ko‘p o‘tmay, qotil qo‘lga olinadi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari kinologiya xizmati bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa huquqbuzarlikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni ochishda xizmat qilayotgan kinologlarning fidokorona mehnatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA