Bugun, 1 avgust kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Koreya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Li Jong Sup boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.

Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvida general-leytenant Bahodir Qurbonov koreyalik hamkasbini O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, geografik jihatdan ikki mamlakat bir-biridan uzoq bo‘lsada, xalqlarimizni ruhan yaqinlik, madaniy aloqalar va qadriyatlarimiz birlashtirib turishini ta’kidladi.

Shuningdek,  O‘zbekiston mudofaa vaziri ikki tomonlama hamkorlikda erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalar ekan, o‘zaro yaqin do‘stona munosabatlar yangi strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilib, ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanayotganini qayd etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada erishilgan yutuqlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham hamkorlikni davom ettirishda istiqbolli takliflar bilan chiqdi.

Uchrashuvdan so‘ng Koreya Respublikasi harbiy delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga yo‘l oldi. Bu yerda mehmonlar Akademiya faoliyati va infratuzilmasi bilan tanishadi.

 

Z.JONIBEKOV,

O‘zA