Oliy Majlis Senati a’zolari shu kunlarda hududlarda bo‘lib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ishlar holatini o‘rganmoqda.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B. Alixonov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganish o‘tkazmoqda.
Ishchi guruh tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘yicha 2023 yilda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolash borasida amalga oshirilgan ishlar holati o‘rganildi.
Joriy yilda mahalliy isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish maqsadida 1554 ijtimoiy soha ob’ekti xatlovdan o‘tkazilib, 666 ob’ekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjati ishlab chiqilgan. 657 ob’ekt xulosa olish uchun ekspertizaga taqdim qilinib, 557 ob’ektga ekspertiza xulosalari olingan. 2023 yilda Taxiatosh va Nukus tumanlarida 110 ob’ektning mahalliy isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ishlar rejali tashkil etilgan.
O‘rganishlar doirasida elektr tarmoqlari va qurilmalarini, gaz ta’minoti, issiqlik ta’minoti, ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlari va qurilmalarini mavsumga tayyorlash, aholiga, ayniqsa, olis aholi punktlariga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berish, zaxirasini yaratish borasidagi ishlar ham ko‘rib chiqildi.
Ishchi guruh Nukus shahridagi yuqori kuchlanishli markaziy nimstansiya hamda yordamchi nimstansiyada qishga tayyorgarlik ishlari bilan tanishib, ishlarni tezlashtirish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shuningdek, mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, kuz-qish mavsumiga tayyorlik ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
* * *
Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F.Boqiyev ishchi guruh bilan birga Jomboy tumanida bo‘ldi.
Ishchi guruh hududda 2023-2024 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.
Senator Alisher Navoiy mahallasida xonadonlarga quyosh panellari va batareyalarining o‘rnatilishi, uning imkoniyatlari, afzalliklari yuzasidan uy egalari bilan muloqot qildi.
Ishchi guruh a’zolari quyosh paneli va akkumulyatori bilan jihozlangan 30-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining moddiy-texnik bazasi, xonalarni isitishga mo‘ljallangan batareyalar holatini ko‘zdan kechirdi.
Toyloq tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabida o‘rnatilgan quyosh panelining imkoniyati va afzalliklari, shuningdek, tabiiy gaz bosimi pastligi tufayli ko‘mir bilan isitishga mo‘ljallangan qozonxona va uning yangi pechlari, kuz-qish mavsumi bo‘yicha bajarilgan ishlar holatini o‘rgandi.
Ishchi guruh a’zolari boshqa ta’lim maskanlarida ham bo‘lib, mavjud muammolarni o‘rgandi. Kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Senatorlarning hududlardagi o‘rganishlari davom etmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA