Sirdaryo shahrida EXEED avtomobil ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi.

Zavodda uchta EXEED modeli – LX, TXL va VX asosida yangi zamonaviy avtomobillar yig‘ilmoqda. Korxonani boshqarish 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan va ko‘plab O‘zbekiston yengil avtomashinalarini dunyoga tanitgan brend ishlab chiqaruvchisi “Asaka Motors” ga topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 may kuni Xitoy davlatiga tashrifi chog‘ida ramziy tugmani bosib, mamlakatda 3,3 milliard dollarlik 15 loyihani – avtomobil va elektromobillar, metall va qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish va boshqa quvvatlarni ishga tushirishga, yangi korxonalar qurilishiga start bergan edi. Avtomobillarning sotuvi ayni paytda qizg‘in tus olgan. Loyiha butlovchi qismlardan yig‘ish (SKD) bosqichida yiliga 20 mingtagacha va to‘liq ishlab chiqarish sikli (CKD) bosqichida yiliga 150 ming dona avtomobil ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

– Zavodda zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or ishlab chiqarish usullari qo‘llanilgan bo‘lib, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi, – deydi “Asaka Motors” zavod bosh direktori Akramjon To‘xtaboyev. – Ayni kunlarda zavodda proyekt menejeri, xitoylik Liang Jun Long nazorati ostida 50 nafar sirdaryolik va toshkentlik yigitlar avtomobil yig‘ish sirlarini o‘zlashtirib, faoliyat olib borishmoqda, – deya o‘z fikrlarini bayon qildi korxona muhandisi Davron Odilov. Yangi avtomobillarni sinovdan o‘tkazishda 20 yillik tajribaga ega bo‘lgan Husanboy Abdukarimovning xizmatlarini ham e’tirof etish joiz.

– Yangi, zamonaviy, tejamkor, raqobatbardosh avtomobil zavodi ilk bor ishga tushirilgani, avvalo, mustaqillikka erishganimiz, qolaversa, Prezidentimizning tashabbuslaridir, – deydi Ekologik partiyaning viloyat kengashi deputati Akmal Ikromov. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yillik bayrami arafasida 300 dan ziyod yengil avtomobil ishlab chiqarilib, sotuvga qo‘yiladi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA