Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin guruch va guruch yormasi eksportiga vaqtincha taqiq joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Ushbu cheklov joriy yil 31 dekabrga qadar amal qiladi, deyiladi hukumat veb-saytida.

– Guruch va guruch yormasi eksportida muayyan istisno mavjud, – deyiladi tegishli hujjatda. – Taqiq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar, shuningdek, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga nisbatan qo‘llanmaydi.

“Interfaks” axborot berishicha, RF guruch mahsulotlarini insonparvarlik yordami, xalqaro tranzit asosida chet elga yuborishi mumkin.

– Vaqtincha taqiq Iqtisodiyotni rivojlantirish va integratsiya masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasining bojxona-tarif va tarifsiz tartibga solish, tashqi savdoda himoya choralari bo‘yicha quyi qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi, – deyiladi hujjatda.

Vazirlar Mahkamasi ushbu qaror ichki bozorda barqarorlikni saqlash maqsadida qabul qilinganini ta’kidlagan. O‘tgan oy oxirida mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi guruch eksportini taqiqlash taklifini kiritgan edi.