Senat faoliyati nafaqat qonunlarni takomillashtirish, balki qonunlar ijrosi, islohotlar amalda ta’minlanishi uchun parlament nazoratini amalga oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, joylarda aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarga yechim topishga qaratilgan.

Joriy yil birinchi yarmida qanday amaliy ishlar qilindi? Bu savolga Senat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov javob berdi:

– Joriy yil birinchi yarmida oltita yalpi majlis o‘tkazilib,  davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga doir 50 dan ortiq masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, 41 qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi. To‘rtta eshituv o‘tkazildi. Turli yo‘nalishlarga oid jami 40 ga yaqin muammoli masala, kamchiliklar qayd etilib, 60 dan ziyod aniq topshiriq, tavsiya va ko‘rsatmalar belgilandi.

Madaniy meros agentligiga muzeylar faoliyatini yaxshilash masalalariga oid parlament so‘rovi yuborildi. Unda muzeylar faoliyati, xususan muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlashga doir 12  yo‘nalishdagi aniq masalalar ko‘rsatib o‘tildi.

Senat qo‘mitalari tomonidan 34 ta nazorat-tahlil tadbiri  o‘tkazildi. Xususan, qonunlarning hududlar va tegishli sohalardagi ijrosi hamda aholini qiynayotgan dolzarb masalalar yuzasidan 30 ta o‘rganish o‘tkazildi.

Xalqaro aloqalar yo‘nalishida parlament diplomatiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan amaliy muloqot izchil davom ettirildi. Senat rahbariyati va a’zolarining xorijiy davlatlarga 40 dan ortiq tashrifi amalga oshirildi.

Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya tuzilmalari vakillari bilan 97 ta uchrashuv, jumladan, video va telefon orqali muloqotlar o‘tkazildi.

Markaziy Osiyo parlamentlararo forumi (Qozog‘iston), Rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha BMT konferensiyasi (Qatar), Neva xalqaro ekologiya kongressi (Rossiya), Xalqaro mehnat konferensiyasi (Shveysariya), Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti (Qozog‘iston), shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi (Bahrayn), MDH Parlament assambleyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti Parlament assambleyasi kabi tuzilmalar yig‘ilishlarida amaliy takliflar bilan ishtirok etildi.

Xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatiga ko‘maklashish va ular bilan hamkorlikni kuchaytirish ishlari ham izchil davom etmoqda. Sohaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga e’tibor qaratildi.

Adliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Mahalliy vakillik organlari to‘g‘risida”gi hamda “Mahalliy ijroiya hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun loyihalari bo‘yicha takliflar shakllantirildi.

Senat kengashi qarori bilan mahalliy kengashlarning namunaviy reglamentiga deputatlarni daxlsizlikdan mahrum etishning aniq mexanizmlarini belgilovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

“E-kengash.gov.uz” elektron platformasi sinov tariqasida ishga tushirildi.

Senat qo‘mitalarining hududlardagi barcha nazorat-tahlil tadbirlari tegishli mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Senatorlarning faoliyati davomida xalq bilan muloqot ustuvorlik kasb etdi.

Senatga jami 6 ming 720 murojaat kelib tushdi. Shundan 3,2 mingtasi tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarga yuborildi. 2,1 mingta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. 400 ga yaqin murojaat senatorlarning bevosita sa’y-harakatlari bilan ijobiy hal etildi. Senat raisining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali kelgan 367  murojaatning 60 tasi ijobiy hal qilindi, 270 tasi bo‘yicha har tomonlama asoslangan huquqiy tushuntirish berildi. Qolgan 37 tasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shu bilan birga, hisobot davrida 2,2 mingga yaqin fuqaro bevosita Senatning o‘zida qabul qilinib, ular tomonidan ko‘tarilgan muammolarni mutasaddilar ishtirokida hal etish choralari ko‘rildi.

Senatorlarning har oyda hududlarga xizmat safari doirasida fuqarolarni qabul qilish, shu jumladan, Senatga yo‘llangan murojaatlar mualliflari bilan uchrashib, ko‘tarilgan masalalarni joyida hal qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur amaliyot doirasida 2,7 mingdan ziyod murojaat (ijtimoiy himoya, bandlik, kredit va h.k.) alohida nazoratga olinib, hal qilish choralari ko‘rildi.

Senat raisining hududlarga tashrifi davomida aholi va tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan yuzdan ziyod masalalarni hal qilish choralari ko‘rildi.

Joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ayrimlari Senat yalpi majlislari muhokamasiga ham olib chiqilib, mutasaddi vazirlik, idoralar e’tiboriga havola etildi va hal etilishi nazoratga olindi.

Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash Senat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Xususan, faoliyatining barcha yo‘nalishlariga doir ma’lumotlar, jumladan senatorlarning hududlardagi faoliyati OAVda keng yoritib kelinmoqda.

Senat yalpi majlislari YouTube videoplatformasi orqali muntazam ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Senatning yangi ko‘rinishdagi rasmiy veb-sayti (https://senat.uz/) ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi. Unda xalq bilan muloqot, fuqarolarning senatorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaat yo‘llash imkoniyati kabi bir qator interaktiv xizmatlar kiritildi.

N.Abduraimova, O‘zA