Nukusda “Parlament o‘yinlari” sport musobaqalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Saparbayev ishtirokchilarga omad tilab, mazkur musobaqaning sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020 yil 30 dekabrdagi “Parlament o‘yinlari” sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, har yili senatorlar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida sport musobaqalari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Uning ishtirokchilari mini-futbol, voleybol, stol tennisi va badminton bo‘yicha bahslashdi.

Musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi va hududiy bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA