“Boysun bahori” ning eng kuchli polvoniga “Neksiya” nasib etdi

Boysun tumanida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Boysun bahori” ochiq folklor festivali doirasida arqon tortish, varrak sayli, xo‘roz, qo‘chqorlar jangi, kurash kabi qiziqarli xalq o‘yinlari tashkil etildi.

Milliy qadriyat va an’analarimiz o‘z aksini keng namoyon etgan kurash musobaqasida mamlakatimizning turli hududlari va qo‘shni davlatlardan kelgan yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan polvonlar keng maydonda o‘zaro kuch sinashdi. Kuchi, chaqqon va epchilligi bilan raqiblaridan ustun kelgan polvonlar turli sovrinlar bilan taqdirlandi.
IMG_1461.JPG

Eng sara, kuchli polvonlar bahsida Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida yashaydigan Samijon Ubaydullayev mutloq g‘olib bo‘ldi va festivalning oliy sovrini“Neksiya-Ravon”engil avtomashinasini qo‘lga  kiritdi.
IMG_1486.JPG

Ajdodlarimiz necha ming yillardan buyon ardoqlab kelayotgan milliy kurash musobaqasi halollik, chaqqonlik, mardlik kabi udumlarga asoslangani bilan ham bolalikdan meni o‘ziga maftun etgan. Yoshligimdan to‘ylarda tashkil etilgan bellashuvlarda qatnashib, toblanganim, kurash sirlarini chuqur o‘rganganim endilikda o‘tkazilayotgan xalqaro turnir va boshqa musobaqalarda qo‘l kelmoqda,deydi S. Ubaydullayev. Ushbu bellashuvga  yurtimiz va qo‘shni davlatlardan ko‘plab kuragi yerga tegmagan polvonlar kelgan ekan. Ular bilan maydonga tushganimda chaqqon va epchilligim, muxlislarimning qo‘llab-quvvatlab turgani menga dalda bo‘ldi. Alpomish o‘nib-o‘sgan go‘shada o‘tkazilgan milliy kurash musobaqasida g‘olib  bo‘lganimdan faxrlanaman.

Milliy qadriyatlar keng tarannum etilib, tinchlik va millatlararo do‘stlik ulug‘lanayotgan go‘zal tabiat qo‘ynida milliy hunarmandchilik buyumlari, rassomlar ko‘rgazmasi, folkloretnografik jamoalarning rang- barang chiqishlari va boshqa tadbirlar qizg‘in davom etmoqda.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA