Indoneziya hukumati Kambojaga buyragini sotish maqsadida 122 kishini olib kelishda ayblanayotgan 12 kishini hibsga oldi. Ushlanganlar orasida politsiya va migratsiya xizmati xodimlari ham bor, deb yozdi “The Star” portali.

Shubha ostidagilar odam savdosi to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanmoqda. Aybi isbotlansa, ularni 15 yilgacha qamoq jazosi yoki 600 million rupiy – taxminan 40 ming dollar jarima kutadi.

“Qo‘lga olinganlar butun Indoneziya bo‘ylab ijtimoiy tarmoq orqali odam yollash va mijozlarni bo‘yrakni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha jarrohlik operatsiyasi o‘tkazish uchun Kambojaga jo‘natishda ayblanmoqda”, – dedi Jakarta politsiyasi jinoyat qidiruv bo‘limi direktori Xengki Xaryadi. Buyragini berishga rozi bo‘lganlarning har biriga 135 million rupiy yoki 9 ming dollar va’da qilingan.

“Jabrlanganlar muhtojlik sabab a’zolarini sotishga majbur bo‘lishgan, chunki ularning ko‘pchiligi pandemiya davrida ishini yo‘qotgan”, – deya holatga izoh bergan Xaryadi.

Indoneziya hukumati 2019 yil ham odam savdosi bo‘yicha sakkiz kishini hibsga olgan edi. O‘shanda jinoyatchilar 1 200 kishini uy xizmatchisi sifatida xorijga jo‘natgan.