Tunisda ko‘p kunlik g‘ayritabiiy issiq tufayli elektr energiyasi iste’moli rekordi o‘rnatildi, deb xabar bermoqda “TAP” energetika tizimi mas’ullariga tayanib.

“Payshanba kuni konditsionerdan ortiqcha foydalanilishi tufayli elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha uchinchi yuqori cho‘qqi mahalliy vaqt bilan 12:48 da qayd etildi va 4825 megavattni tashkil etdi”, dedi Tunis elektr va gaz kompaniyasi vakili Munir Al-G‘abiriy.  

Mamlakatda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha avvalgi rekord ham shu oy, 10 iyulda kuzatilib, 4693 megavattga teng bo‘ldi. Mutaxassis ta’kidlashicha, elektr energiyasi iste’moli misli ko‘rilmagan darajada oshgani sababli kompaniya tarmoqdagi yuklamani kamaytirish va elektr uzilishining oldini olish maqsadida ayrim hududlarda vaqti-vaqti bilan elektr energiyasini cheklashga majbur bo‘lmoqda.

Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, mintaqada qariyb bir hafta avval o‘rnatilgan g‘ayritabiiy anomal issiqning eng yuqori nuqtasiga Afrikada kuzatilayotgan “Charon” aksil sikloni sabab qilib ko‘rsatilyapti. Shu kecha kunduz Tunisda kun davomida havo harorati 46 darajaga yetib, mamlakatning ba’zi cho‘l hududlarida 50 darajadan oshmoqda. Kechasi termometr ustuni 25 darajaga tushadi.