Qo‘shma Shtatlar 1451-1506 yillarda yashab o‘tgan dengizchi-sayyoh Xristofor Kolumbning Qirol Ferdinand II Aragonskiy (1452-1516) va Qirolicha Izabella I Kastilskaya (1451-1504)ga yo‘llagan Amerika kashfiyoti haqidagi maktubi ilk bosma nusxalaridan birini Italiyaga qaytardi. Bu haqda “CNN” xabarida aytilgan.

“O‘n yillar davomida o‘g‘irlangan maktubning to‘rtinchi asl nashrini qaytarib olganimizdan juda xursandmiz”, dedi AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati direktori o‘rinbosari Patrik Lexlyaytner.

Telekanal axborotiga ko‘ra, artefakt o‘tgan asr 80-yillarida Marchiana milliy kutubxonasidan o‘g‘irlangan. Delaver shtati prokuraturasi va Immigratsiya nazorati maktubni 2020 yil shaxsiy kolleksiyalarning biridan topgan. Sohib “nusxaning jinoiy kelib chiqishi haqida bilmagan”.

Mutaxassislar fikricha, artefaktning narxi 1,3 million dollardan oshadi.

1493 yil lotin tilida yozilgan xatda Kolumb qirollik juftligiga “Amerika qit’asida duch kelgan odamlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi haqidagi taassurotlari”ni yozgan.

Ferdinand va Izabellaning sulolaviy nikohi Ispaniyani birlashtirishdan boshlangan, ular ekspeditsiyani moliyalashtirishda ishtirok etgan. Kolumb tomonidan Rimga yuborilgan maktubning ikkita nusxasini shu shaharda noshir Stefan Plank chop etadi. Birinchisida xatoga yo‘l qo‘yilib, qirolichaga murojaat tushib qolgan. Shu haftaning o‘zida Italiyaga jo‘natilgan ikkinchi nusxa “Plank I” nashriyotiga yo‘llanadi.

Tarixiy maktub qaytarilishi bilan bog‘liq bunday voqealar avval ham kuzatilgan. 2016 yil Florensiyadagi kutubxonadan o‘g‘irlangan Kolumbning boshqa bir maktubi nusxasi Italiyaga yuborilgan. Amerika manbalari aytishicha, 2007 yildan beri qirqqa yaqin mamlakat va tashkilotga Misr sarkofagi, fransuz rasmlari, italyan haykallari, zamonaviy Mo‘g‘uliston va Xitoy hududida topilgan dinozavr, hatto inson suyaklari kabi 20 mingdan ziyod nodir buyum, jism va hujjat qaytarib berilgan.

 

Abror XON,  

O‘zA