Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Umumta’lim maktablarida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, tizimli muammolar va ularni bartaraf etish, istiqboldagi rejalarni belgilab olish” mavzusida Respublika o‘quv seminari tashkil etildi.

Bugungi kunda maktab bilim berish maskani bo‘lishi bilan birga tarbiya, ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lmog‘i darkorligini Prezidentimiz ko‘p bor takrorlaydilar. Bu esa maktab ta’limiga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar, o‘qituvchilar, ta’lim dargohlari rahbarlari, metodistlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

O‘quv seminarini kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odil Abdurahmonov navqiron avlod tarbiyasi uchun o‘qituvchi, ota-onalar, maktab jamoasi, umuman, jamiyat birdek mas’ul ekanini ta’kidladi. Darhaqiqat, bugun jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar fonida ma’naviyat va tarbiya masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bugun davlatimiz rahbari istiqbolda ulkan rejalarni belgilayotgan ekan, bularning bari ulg‘ayib kelayotgan avlodni ma’nan barkamol, vatanparvar, o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan uyg‘un ko‘radigan shaxs etib tarbiyalashdek ulug‘vor maqsadlar bilan chambarchas bog‘liqdir.

– Mazkur seminar-trening yig‘ilish emas, balki mulohazalar, taklif uchun ochiq maydon sifatida tashkil etildi, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova. – Bugungi seminar mavzusi g‘oyat muhim. Bu borada o‘qituvchilar tomonidan bildirilayotgan barcha takliflarini ko‘rib chiqishga tayyormiz.Zero, o‘quvchilarimizni yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi insonlar etib tarbiyalashdek ezgu va mas’uliyatli yo‘lda hammamiz bir jamoamiz, bir kemadamiz.

– Ta’lim jarayonini tarbiyadan ayro tasavvur etish mumkin emas, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. – Seminarda sohadagi mavjud muammolarni ko‘rib chiqish uchun yig‘ilganmiz. Aytish kerakki, har bir taklif ustida alohida ish olib boramiz. Bu esa yagona maqsad yo‘lida bitta jamoa bo‘lib ishlashga yordam beradi.

Yalpi yig‘ilishdan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari boshliqlari, tarbiyaviy ishlar va ixtisoslashtirilgan muassasalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosarlar, bo‘lim mudirlari uchun o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasiga oid ma’ruzalar o‘qib eshittirildi.

Uch kun davom etadigan seminar-treninglarda o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha ustuvor vazifalar, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ta’lim maskanlarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, o‘quvchilarni kasbga o‘qitishni tizimli tashkil etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va maktabdan tashqari ta’lim sifatini oshirish kabi masalalar muhokama etiladi.

N.Usmonova, O‘zA