Elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalardan, xususan, mavjud suv salohiyatidan samarali foydalanish kichik va o‘rta quvvatdagi GESlarni ishga tushirishda muhim yechim hisoblanadi.
Yangi GESlarning davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida qurilishi esa investorlarga keng imkoniyatlar yaratib beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohatlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ buyurtmachi sifatida tashabbusni o‘z zimmasiga oladi. Ushbu loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishida boshchilik qiladi hamda ularning nazoratini olib boradi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ O‘zbekistonda birinchi bor davlat-xususiy sherikchilik asosida umumiy quvvati 46,6 MVt, yillik o‘rtacha ishlab chiqarishi 179 million kilovatt soat va umumiy qiymati 106,9 million dollar bo‘lgan 5 ta “Qizildaryo”, “Suvlisoy”, “Dukentsoy”, “Ko‘ksuv” va “Quyi Ko‘ksuv” GES loyihalarini yagona lot sifatida investorlar (xususiy sherik) jalb qilish maqsadida malaka so‘rovi tenderiga (RFQ) qo‘yilishini ma’lum qilmoqda.
DXSH asosida qurilishi rejalashtirilgan GESlarga Jahon banki tomonidan “Institutsional salohiyatni oshirish” grant mablag‘lari hisobidan yuqori tajribaga ega xorijiy maslahatchilar yo‘llandi.
Xususan, “Synergy Infrastructure and Financial Advisory Services Inc” moliyaviy maslahatchi, “Dolsar Engineering” texnik maslahatchi va “UNICASE” yuridik maslahatchi sifatida tender asosida tanlab olindi hamda ushbu kompaniyalar bilan shartnoma imzolandi. Mazkur kompaniyalar loyiha hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha ish olib boradi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, loyihalarning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligi va hayotiyligini ta’minlashda, tabiiy resurslaridan to‘liq foydalangan holda eng yuqori muhandislik standartlari asosida ishlab chiqilishida, qurilish jarayonlarining barcha jihatlarini huquqiy tartibga solishda xorijiy kompaniyalar tajribasidan foydalanish investorlarning faoliyatini kafolatlashga xizmat qiladi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ buyurtmachi sifatida mazkur loyihalarni ishga tushirilishida barcha manfaatdor mahalliy va horijiy investorlarni tender savdolariga faol ishtirok etishga taklif etadi. Tender savdolari joriy yilning avgust oyida lotga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi. O‘zA