AQShning izlanishlar markazi o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, dunyoda O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi reytingida 64-o‘rinni egalladi. Bir yil oldin, ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston 75-o‘rinda edi.
Bu haqda Milliy matbuot markazida “O‘zstandart” agentligining “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi tomonidan mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
“Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi qoshidagi xalqaro talablarga javob beradigan, zamonaviy jihozlangan Kimyo-biologiya laboratoriyasi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sinash hamda ularning sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashga ixtisoslashtirildi. Laboratoriyaning akkreditatsiya doirasi mahsulotlarni sinash bo‘yicha 770 ta (shundan 30 ta xalqaro ISO standartlari) sinov uslublariga kengaytirildi. Ayni paytda laboratoriyalarning akkreditatsiya doirasi mahsulotlarning qo‘shimcha sinov uslublari bo‘yicha yana 180 ta standartga kengaytirilmoqda.
2018-yilning birinchi choragida Koreyaning KOIKA dasturi orqali grant mablag‘lari hisobiga zamonaviy sinov uskunalari o‘zlashtirilib, ular yordamida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xavfsizlik ko‘rsatkichlarini – mahsulotlarning pestitsid qoldiqlari, toksik elementlar, mikotoksinlarni aniqlash imkoniyati yaratildi.
2018-yilning birinchi choragida oziq-ovqat mahsulotlariga jami 187 dona muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirildi. Shu vaqt ichida 1 milliard 875 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yaroqsiz, deb topildi. Markaz mutaxassislari tomonidan jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlarga asosan, savdo do‘konlarida sotilayotgan mahsulotlarning sifatini aniqlash bo‘yicha nazorat xaridlari ham o‘tkazilib, tegishli xulosalar berilmoqda.
Misol uchun: 2017-yil oktabr oyida Toshkent shahri savdo do‘konlaridan xarid etilgan va tekshirilgan 6 turdagi sut mahsulotlarining 56 namunasida, kolbasa mahsulotlarining 18 namunasida kamchiliklar aniqlanib, ularning bartaraf etilishi nazoratga olingan.
Ko‘rilgan choralar ko‘p hollarda ijobiy natijalarni bermoqda. Masalan, Toshkentdagi “BIO NATURAL FOOD” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan sut va sut mahsulotlari fizik-kimyo hamda xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazilganidan so‘ng, takroran o‘rganilganida, ushbu kamchiliklarning bartaraf etilgani, sinovdan o‘tkazilgan mahsulotlar me’yoriy hujjat talablariga muvofiq, deb topilgani aniqlandi.