Mamlakatimizdagi qobiliyatli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan Prezident maktablarida o‘qish istagini bildirgan talabgor o‘quvchilar soni yildan-yilga oshib bormoqda.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublika miqyosida Prezident maktablariga qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha bitta o‘ringa o‘rtacha 169 ta nomzod to‘g‘ri kelmoqda.

Ma’lumki, agentlik tizimidagi Prezident maktablariga 2023/2024-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli jarayoni joriy yilning 10 iyunidan 30 iyun kuniga qadar davom etdi. Prezident maktablariga jami 56 ming 745 ta hujjat qabul qilindi va 2023/2024 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarining dastlabki bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident maktablariga kirish imtihonlarida joriy yilda Cambridge University Press&Assessment xalqaro tashkiloti mutaxassislari ishtirok etmagani va birinchi bosqich imtihonlarida savollar takroriy qo‘llanilgani haqidagi xabarlar tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mazkur habarlar yuzasidan Cambridge University Press&Assessment xalqaro tashkilotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi Steve King quyidagilarni ma’lum qildi:

–Tashkilotimiz 2019 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi bilan hamkorlikda ishlab keladi hamda imtihon savollarini tayyorlash va o‘quvchilarni saralashda, natijalarni e’lon qilish jarayonlarida ham ishtirok etadi.

Har yili O‘zbekistonda minglab talabgorlar 14 ta hududdagi Prezident maktablariga kirish uchun bellashadi. Bu yilgi imtihonlarning 1-bosqichi uchun ham 8 ta turli xil variantlardagi savollar ishlab chiqildi. Bunda savollarning takrorlanmasligi va har smenada har xil savollardan foydalangan holda shaffoflikni ta’minlashga intildik.

Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, bu yilgi Prezident maktablari qabul imtihonlarida ham Cambridge University Press&Assessment xalqaro tashkiloti xodimlari ishtirok etdi. Yuqorida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz.

Bizning tashkilotimiz qabul imtihonlari bilan bog‘liq hamkorlikdan mamnun va ishonamanki, O‘zbekiston bilan hamkorligimiz uzoq yillar davom etadi, – dedi Steve King

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA