Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 iyuldagi “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, Marg‘ilon shahrida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etiladi. Shuningdek, har yili so‘z ustalari va qiziqchilar o‘rtasida “Xush kayfiyat” respublika ko‘rik-tanlovi hamda askiya kechalari, har ikki yilda bir marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivali o‘tkaziladi.

Ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish va aholiga xush kayfiyat ulashishga qaratilgan konsert-tomosha tadbirlari faol qo‘llab-quvvatlanadi. Keyingi o‘quv yilidan boshlab Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji hamda Farg‘ona ixtisoslashtirilgan san’at maktabida “Askiya va qiziqchilik san’ati” yo‘nalishi ochiladi.

– Askiya topqirlik, hozirjavoblik, nozik did va madaniyat, so‘zamollik, teran bilim va samimiyat bilan tomoshabinni kuldirish demakdir. Ne baxtki, askiya faqat o‘zbek xalq og‘zaki ijodigagina xos. 2014 yili askiya insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKOning reprezentativ ro‘yxatiga kiritilganligi esa mazkur so‘z san’atining nafaqat O‘zbekistonda o‘rganilishiga turtki bo‘ldi, balki ushbu voqea butun dunyo mutaxassislarining bu san’at turiga nisbatan qiziqishini oshirdi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Hikmatillo Do‘smatov. – Bugungi kunda Marg‘ilonda Mamasidiq Sherayev rahbarligida, Qo‘qonda Akromjon Anvarov boshchiligida, Andijon viloyatining Xonobod shahrida Muhiddin Sultonov, Namangan viloyatining Norin tumanida G‘ofurjon Mirzayev rahbarligida askiyachilik maktablari faoliyat yuritmoqda.

Tarixchilarning ma’lumotiga ko‘ra, qadim zamonlardan rivojlanib kelgan askiya Amir Temur davrida yanada ravnaq topgan. Sohibqiron ham yaxshigina askiyachi bo‘lgan. Boyazid esa chiroyli askiya qilgan ekan: “Dunyo bir ko‘r bilan bir cho‘loqqa qolganini qara”, deb. Navoiy mashhur askiyachi Muhammad Badaxshini “askiyaning piri” deb atagan.

XVIII-XIX asrlarda askiyachilik Farg‘ona vodiysi (ayniqsa, Qo‘qon va Marg‘ilon) va Toshkentda ancha rivojlangan. Dehqon yuzboshi Shernazarov (1860-1942) va Saidahmad askiyachi (1880-1940) kabi mashhur askiyachilar o‘tgan. Ularning an’analarini XX asrning 40-yillaridan keyin Erka qori Karimov, Mamayusuf Tillaboyev, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Rasul qori Mamadaliyev, Aka Buhor Zokirov va boshqalar davom ettirdi. 50-yillardan askiya konsert dasturlariga ham kiritildi. Lutfixonim Sarimsoqova, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Muhammadjon Mirzayev, G‘anijon Toshmatov, Soyib Xo‘jayev kabi san’atkorlar askiyani teatr sahnasiga olib chiqdi.

– Prezidentimizning bu qarori ko‘p ming yillik milliy san’at turining yanada rivojlanishiga zamin yaratadi. “Ustoz-shogird” an’analari asosida iste’dodli yoshlarni rag‘batlantirish, xalq og‘zaki ijodining yangi qirralarini ro‘yobga chiqarishga imkon beradi. Xalqimiz azaldan askiyaga, payrovga ishqiboz. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysida askiya va qiziqchilik qadimdan e’zozlanib kelgan, bu san’at namoyandalari qadrlangan, – deydi taniqli qiziqchi va so‘z ustasi Abdurahmon Siddiqov. – Bugun oynai jahonda, ijtimoiy tarmoqlarda bachkana, “yalang‘och”, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatga hech qanday naf bermaydigan, aksincha, yoshlar tarbiyasi, odob-axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan chiqishlar bilan odamlarni kuldirishga urinish odatga aylandi. Afsuski, bu haqiqat. Vaholanki, qiziqchilik, askiyachilik, hajvchilik – bu beqiyos san’at, mashaqqatli ijod, tarbiya vositasi. U orqali jamiyatdagi muammolar, illatlar fosh qilinadi, kishilarning ibratli fazilatlari tarannum etiladi. Kulgi kechasi yoki askiya bazmidan tomoshabin ma’lum ma’noda ma’naviy-ruhiy ozuqa olib chiqib ketishi kerak. Shu ma’noda mazkur qaror ayni vaqtida e’lon qilindi, deb o‘ylayman.

Vodiydagi har qanday to‘y-sayillar, hashar va yig‘inlar, ziyofatlar askiyasiz, hazil-mutoyibasiz o‘tmaydi. Ko‘pchilikka tanilmagan, lekin uncha-muncha askiyachini yo‘lda qoldiradigan, hozirjavob so‘z ustalari xalqimiz orasida juda ko‘p. Aslida, birovni kuldirish, odamlarga xush kayfiyat ulashish murakkab va mashaqqatli ish. Buning uchun keng dunyoqarash, atroflicha bilim kerak. Odamlarning kayfiyatini, ruhiyatini, “ichida nima gapi borligini” bilish talab etiladi. Aniqroq aytilsa, milliy qiziqchiligimizning o‘zagi – bor gapni ochiq-oydin aytib qo‘yish emas, kulgili nuqtani tinglovchi-tomoshabinning o‘ziga qoldirishda. O‘xshatish joiz bo‘lsa, danakni chaqish, uning mag‘zini tatib ko‘rish, tasavvur qilish eshituvchining ixtiyorida. Askiya va qiziqchilik san’atini yanada ommalashtirish bo‘yicha chiqarilgan ushbu qaror muhim voqea bo‘ldi, deyish mumkin. Bu o‘zbek askiyachilik san’atining xalqaro miqyosda yanada yoyilishiga, yoshlarni nozikfahm, so‘zga chechan va zakiy etib kamol toptirishga xizmat qiladi.

Xalqimizning sifatli madaniy hordiq chiqarishi, milliy merosimizni asrab-avaylash va boyitish, yoshlar iste’dodlarni kashf etish uchun mustahkam zamin bo‘ladi.

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA