AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatda G‘arbiy sohilda isroilliklar turar-joylari kengayib ketayotganidan xavotir bildirdi va bir tomonlama harakatni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Prezident ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlash va Iordan daryosi g‘arbiy sohilida xavfsizlikni ta’minlash chorasini ko‘rish muhimligini ta’kidladi. U aholi joylari kengayishi davom etayotganidan xavotir bildirdi va tomonlarni bundan buyon bir tomonlama harakatdan tiyilishga chaqirdi. Rahbarlar imkon qadar tezroq Akaba – Sharm ash-Shayx formatida uchrashuv tashkil etish maqsadida mintaqadagi hamkorlar bilan maslahatlashuv o‘tkazishga kelishib oldilar”, deyiladi bayonotda.

Suhbat chog‘ida “Eronda yadro quroli yaratilishining oldini olish” masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Hujjatda aytilishicha, “tomonlar Eron amallarini jilovlashda harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, muntazam davom etayotgan qo‘shma harbiy mashqlar mavzusini muhokama qilishdi”.

Bayden va Netanyaxu telefon suhbatini sharhlab, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashidagi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi “Isroil Bosh vazirining Qo‘shma Shtatlarga safari kuzda bo‘lishi”ni ma’lum qildi.

Isroil hukumati matbuot xizmati xabarida Netanyaxu Baydenning taklifini mamnuniyat bilan qabul qilgani aytilgan.

O‘zA