Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumani “Besko‘pir” ovul fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektori Berdiboy Daryoboyev oilasiga zamonaviy xizmat uyining kaliti topshirildi.
Prezidentimizning 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyati samaradorligini oshirish, tinchlik posbonlarini munosib mehnat sharoiti va turar-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qanliko‘l tumani ichki ishlar bo‘limi xodimi, profilaktika inspektori B.Daryoboyev ham ana shunday g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘ldi.
– Ichki ishlar xodimlari uchun yaratilayotgan bunday sharoitlar xizmat vazifamizni kunu tun sidqidildan bajarishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi B.Daryoboyev. – Endi ovul ahli bilan yanada yaqin bo‘lish, hududdagi vaziyatni doimiy nazorat qilish imkoniyati kengaydi.
Mahalla faollari va osoyishtalik posbonlarining yaqin hamkorligi kutilgan samaralarni bermoqda.
– Ovulimiz hududidagi 789 xonadonda yashayotgan 5 mingdan ziyod aholi tinch va farovon hayot kechirmoqda, – deydi “Besko‘pir” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Ulug‘bek Shomuratov. – Maslahatchilar, nuroniylar va profilaktika inspektori bilan yo‘lga qo‘yilgan targ‘ibot ishlari natijasida qonunbuzarlik holatlari keskin kamaymoqda. O‘tgan yilning birinchi yarmida ovulda 5 jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i bittani tashkil etdi.
Ovuldagi 3 umumta’lim maktabi, 19 paxta va g‘alla yetishtirish, 3 chorvachilik, 2 bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi, 1 agrofirma, 4 do‘kon, 2 umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyati ham profilaktika inspektori e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q.