“O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” mavzusida xalqaro konferensiyaning ikkinchi qismida “O‘zbekiston madaniy merosining turizmni rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish kun tartibidan turizm sohasida erishilgan yutuqlar muhokamasi o‘rin oldi. Shuningdek, turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolarni hal etish, taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va jahon bozorlarida milliy turizmni faol targ‘ib qilish, kadrlar salohiyatini kuchaytirish orqali sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, turizm targ‘ibotini xorijda tashkil qilish yo‘nalishida Buyuk Britaniyaning BBC, AQSHning CNN, Yevropaning “Euronews” jahon telekompaniyalari, AQSHning yirik Netflix va “Amadeus” onlayn-striming platformalari, Xitoyning “Trip.com” onlayn-sayohat platformasi, Birlashgan Arab Amirliklarining “Holiday factory” sayyohlik kompaniyasi, “Visa Fasilitation Services Global” kompaniyasi ma’muriyati bilan turizm salohiyatini targ‘ib qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Joriy yil mamlakatga o‘n million nafar xorijiy sayyoh jalb qilinib, 20 million mahalliy aholi sayohatlari tashkil qilinishi qayd etildi. Buning natijasida  2 milliard dollar miqdorida turizm xizmatlari eksporti amalga oshiriladi. Yil yakuniga qadar ziyorat turizmi yo‘nalishida Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Bangladesh, Yaponiya, Isroil, Hindiston hamda MDH davlatlaridan 1,2 million nafar ziyoratchi jalb qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 16-20 oktyabr kunlari UNWTO – BMTning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi Samarqand shahrida tashkil etiladi. Tadbirda 150 dan ziyod davlat turizm vazirlari, yetakchi turoperatorlar, aviakompaniyalar, investorlar, oliygohlar vakillari ishtiroki ta’minlanadi. Bosh assambleya doirasida rejalashtirilgan investitsiya va ta’lim forumlari hamda Butunjahon turizm tashkilotining turizm akademiyasi rasmiy ochilish marosimi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

UNWTO O‘zbekistonni turizm sohasi eng tez rivojlanayotgan 20 mamlakat ichida 4-o‘rinda e’tirof etgani mamnuniyat bilan e’lon qilindi. Bundan tashqari, “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” reytingida O‘zbekiston 32-o‘rindan 22-o‘ringa ko‘tarilib, “eng jozibador” hamda “xavfsizlik va bag‘rikenglik darajasi yuqori” bo‘lgan o‘n mamlakat qatoriga kirgani aytildi.

Anjumanda, shuningdek, ta’lim, teatr va sirk, kino, badiiy akademiya, konsert-tomosha, madaniyat markazlari, nomoddiy madaniy meros, ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va davlat xususiy sherikchilik yo‘nalishlarida yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan ishlar, reja va ko‘rsatkichlar to‘g‘risida hisobot ham taqdim etildi.

Tadbirda xorijiy mutaxassislar ham muhim mavzularda taqdimot qilishdi. Yakunda “Hovli musiqa festivali”ning ochilishi, “Eng yaxshi palov” gastronomik shousi ham bo‘lib o‘tdi.


Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA