Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahridagi “Korme” ko‘rgazmalar markazida 25-aprel kuni “III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Ushbu ko‘rgazma Yevropa va Osiyo mamlakatlari nashriyotlari, matbaa korxonalari, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-ma’rifiy tashkilotlarni bir yerga jamlagan yirik intellektual maydon hisoblanadi.
Dunyo xalqlari orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, insonlarning badiiy tafakkurini yuksaltirish, noshirlik va matbaa sohasida erishilgan yutuqlarni ommalashtirish, soha vakillarining o‘zaro tajriba almashishi uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rgazmada Osiyo va Yevropa mamlakatlaridan kelgan noshirlar o‘zlarining nashriyot-matbaa mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilishida Qozog‘iston Respublikasi Davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari Sobir Shukurov va boshqalar mazkur xalqaro ko‘rgazmaning ahamiyati tobora yuksalib borayotgani, Yevroosiyo mamlakatlarining nashriyot-matbaa yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashishi, hamkorlik qilishi uchun qulay muhit yaratayotganini alohida ta’kidladi.
Qozog‘istonda 2018-yil O‘zbekiston yili, deb e’lon qilingani munosabati bilan ko‘rgazmada O‘zbekiston pavilyoniga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, mazkur pavilyonda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘zbekiston”, “O‘qituvchi”, G‘afur G‘ulom, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Hilol nashr” nashriyot-matbaa korxonalarining besh yuzdan ortiq nomdagi mingga yaqin ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston mazkur ko‘rgazmada faxriy mehmon sifatida ishtirok etayotgani uchun uning doirasida “O‘zbekiston” pavilyonining ham ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston Respublikasi Davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, Ostona shahri hokimi Aset Isekeshev O‘zbekistonning Qozog‘iston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev ishtirok etib, mamlakatlarimizning azaliy do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligi yangi bosqichda izchil davom etayotganini alohida qayd etdi.
Tadbirda Qozog‘istondagi o‘zbek milliy madaniy markazi jamoasi tomonidan tayyorlangan madaniy dastur mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
60 kvadrat metrdan iborat “O‘zbekiston” pavilyoni yurtimiz tarixi va bugunini o‘zida aks ettirgan. Ikki qardosh xalqning buyuk allomalari – Navoiy va Abay siymosi xalqaro ko‘rgazmaga alohida mazmun bag‘ishlagan. Surat tagidagi javonda ushbu allomalarning buyuk merosi joy olgan. Pavilyondagi monitorda mamlakatimizdagi nashriyotlar faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etilmoqda.
“III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasi” doirasida mashhur yozuvchi va shoirlar, madaniyat namoyandari bilan uchrashuvlar, kitob targ‘ibotiga doir taqdimotlar, davra suhbatlari, konferensiyalar o‘tkaziladi.
Xalqaro ko‘rgazma yarmarka 28-aprelga qadar davom etadi.