O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy orkestri 22-27 aprel kunlari Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Tinchlik burg‘usi” harbiy orkestrlar xalqaro festivalida ishtirok etmoqda. 

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Markaziy harbiy orkestr san’atkorlaridan tashqari Mudofaa vazirligining Markaziy ashula va raqs ansambli vakillari ham bor.

O‘zbekistonlik harbiy musiqachilar 24-aprel kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, iste’fodagi polkovnik Pavel Makarov rahbarligida konsert berdi. Yurtdoshlarimiz repertuarida “Buyuk ipak yuli” marshi, shuningdek, “Salamanka”, “Sorrentoga qaytish” musiqiy kompozitsiyalari, mashhur “Sing-Sing” jaz asari o‘rin olgan. Balet jamoasi ijrosida “Oq lolalar” milliy asari namoyish qilindi.

Festivalning so‘nggi kunida mamlakatimiz harbiy orkestr musiqachilari milliy “Lazgi”ni ijro etib, o‘z ijodiy repertuaridagi yangi chiqishlar bilan musiqa ixlosmandlarini xursand qiladi.

 

Ablay Kamolov, O‘zA