Unda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalariga normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish huquqi berilmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish qonun bilan emas, balki Adliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan. Bu esa qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy bo‘shliqlarning yuzaga kelishiga zamin yaratgan.

Senatning qirq ikkinchi majlisida ko‘rib chiqilgan “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun mazkur sohada qonuniy asos yaratadi.

Sohadagi muammolarni bartaraf etish va uni tartibga soluvchi yagona qonun bilan normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasining asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Ushbu masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sifat va mazmun jihatdan butunlay yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.

– Tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslar mastahkamlandi. Ta’sirchan choralar, samarali mexanizmlar belgilandi, – dedi Senat Raisi. – Shulardan biri – normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi alohida ekspertizadan o‘tkazishdir. Masalan, 2021 yilning o‘zida 800 dan ortiq amaldagi qonunchilik hujjati korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lsa, ularning 28 foizida 650 dan ortiq korrupsiyaviy omil aniqlangan. Mana shu raqamlarning o‘zi korrupsiyaga qarshi ekspertizaning qanchalik muhimligidan dalolat. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza shunchaki byurokratik protsedura emas, balki har tomonlama puxta o‘ylangan va tashkil qilingan, aniq maqsadli, keng qamrovli, tizimli va muntazam amaliyot bo‘lmog‘i zarur.

Endilikda korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish nafaqat Adliya vazirligi tomonidan, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, yuridik xizmat xodimlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalariga normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish huquqi berilmoqda.

E’tiborli jihati jamoatchilik tomonidan taqdim etilgan taklif va tavsiyalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy ravishda ko‘rib chiqiladi.

Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazishga oid faoliyatni uslubiy jihatdan ta’minlash hamda monitoring qilish Adliya vazirligiga yuklatilmoqda.

Senatorlar ushbu qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga, shuningdek, amaldagi hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar sifatining oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA