Senat yalpi majlisida umumiy suv resurslaridan tejamli foydalanishdagi muammolarga e’tibor qaratildi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva suv resurslarining kamayishi va tanqisligi butun dunyoda kuzatilayotgan global muammo ekanini ta’kidladi. Bundan tegishli xulosalar qilib, sharoitga moslashish, suvni tejash va ratsional ishlatishni o‘rganish zarur.

– Lekin bu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan asosiy masala – suvdan foydalanishdagi isrofgarchilik va o‘ylovsiz ishlatilishi, – dedi T.Norboyeva. – Kundalik hayotimizda suvni behuda, maqsadsiz isrof qilish holatlariga ko‘p duch kelmoqdamiz. Keyingi  paytlarda suv bilan bog‘liq tizimli muammolar haqida jamoatchilik bong urmoqda. Turli tanqidiy-tahliliy chiqishlar, asosli mulohazalar bildirilmoqda. Biroq mas’ullar nega jim?

Suvdan ratsional foydalanishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni ko‘rmayapmiz. Vaholanki, dunyoning ko‘plab taraqqiy etgan davlatlarida ham ularda turmush darajasi qanchalik yuqori bo‘lmasin, suvni asrab-avaylashga nihoyatda jiddiy e’tibor qaratiladi, turli innovatsiyalar joriy etilgan.

Bizda esa oddiy kundalik ro‘zg‘or darajasidan tortib, yirik davlat tashkilotlarigacha suvdan oqilona foydalanish madaniyati hali to‘liq shakllanmagan. Ayniqsa, katta shaharlarimizda suvni isrof qilish, tejamaslik holatlari ko‘proq ko‘zga tashlanadi.

Bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida ishni eng quyidan, ya’ni oilalar va mahallalardan boshlash zarur. Bu borada mutasaddi tuzilmalar, fuqarolar yig‘inlari mas’ullari (beshlik) mas’uliyatni jiddiy oshirishlari, odamlarga tushuntirishlari zarur.

Suvni isrof qilish holatlariga nisbatan jamoatchilikning faol ta’sirchan usullaridan ham samarali foydalanish, ya’ni murosasiz jamoatchilik nazoratini ta’minlash zarur.

Respublika va mahalliy darajadagi barcha rahbarlarning suv resurslarini asrash bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish lozim.

Shuningdek, mahalliy Kengashlarimizga ham muntazam ravishda hududlarda suvdan oqilona foydalanish masalalarida mas’ullarning axborotini eshitib borishni yo‘lga qo‘yishlari tavsiya etiladi, dedi Senat Raisi.

 

N.Abduraimova, O‘zA