Без названия.jpg
ULUG‘BЕK HAMDAM
filologiya fanlari doktori,
yozuvchi

Menga vazifa yuklatilgan edi. Biroq nima uchun aynan menga? — bilmayman. Kim va qanday vaziyatda topshiriq berdi? — buni ham negadir eslay olmayman. Yodimda qolgani – nimadir ortilgan, ikkita ot qo‘shilgan aravani shom tushgunga qadar manzilga eltishim zarur. Nega endi shomga qadar? Bu savolning javobi ham menga qorong‘i… Yana “yo‘lda chalg‘imasang bas, yukni manzilga o‘z vaqtida eson-omon eltasan”, deyilgani hammasidan oshib tushdi: jumboqmisan jumboq! 

Tavba, o‘zimga ham qiziq bu ish. Shuncha zamonaviy ulov turganda, almisoqdan qolgan aravaga nima bor? Unga ortilgan yuk-chi? Nima u o‘zi? Ustiga allaqanday matolar tashlangan, o‘ralgan, chirmalgan. Ammo bori – shu. Ortig‘ini istasam ham sizga aytolmayman.

Endi bosh ko‘targan boboquyosh navqiron tanimga iliq nurlarini sochadi. Otlar bir maromda yo‘rtib bormoqda. Ahyon-ahyonda jilovni qimirlatib qo‘yaman, shuning o‘zi farosatli hayvonlarga kifoya – imillash yo‘q. Namuncha esli bo‘lmasa bular? — deyman o‘zimga o‘zim. — Xuddi vazifadan boxabardek! Tavba…

Avvaliga ovozimni baland qo‘yib qo‘shiq aytaman. Kuch-quvvatni tejash zarurligini payqabmi, beixtiyor xirgoyiga o‘taman, bilgan-bilmagan qo‘shiqlarimdan zamzama qilaman. Keyin g‘ing‘illashga ora berib atrofga alanglayman, shu ko‘yi yosh dilimni ovutishga chog‘lanaman. Ufqlarga tutash kengliklar hislarimni junbishga keltiradi. Ichim to‘la hayot, kuchim tanamga sig‘may tevarakni titratib hayqiraman – “Uuu–luuu-uuug‘!..” Sal o‘tmay atrofdan aks-sado qaytadi: “G‘uuu-luuu-uuu-uuu!!!” Ilkis cho‘chib tushaman, ichim muzlab ketadi. Saratonning issig‘ida peshonamdan sovuqdan sovuq ter quyiladi. Najot istab ko‘zlarimni yana atrofga olaman. Boshqa hayqirgim kelmaydi… Bir pas yurgach esa javonibdagi bir xil yo‘l manzarasiyu osudalikdan zerika boshlayman…

Bu orada kun yoyilib, olamni o‘z og‘ushiga ola boradi. Bir mahal ichimga o‘rmalab kirgan chanqoqni his qilaman. Tadbirga bosh uraman: yo‘lning ikki betiga ko‘z yugurtirib chashmami-buloqmi qidiraman. Lekin savil ha deganda topila qolmaydi. “Yo‘l yuraman, yo‘l yursam ham mo‘l yuraman” – har holda menga shunday tuyuladi. Hammasiga bois chanqog‘imdir, ehtimol. Aslida unchalik ko‘p yo‘l yurmagandirman. E-e, nima bo‘lsayam mayli. Hozir buning muhokamasi emas, suv muhim, uni topishga qaratilgan o‘y muhim. Qani endi bu qaqragan cho‘l aro bir zilol suvli quduqqa duch kelsamu, undan qonib-qonib ichib tashnaligimni qondirsam. Aqalli bir piyola suv bo‘lsayam roziydim. Bir piyola suv…

Quyoshning qiyomga kelishiga hali ancha bor – olazarak qarab-qarab qo‘yaman. Faqat ko‘k yuzida parcha-parcha bulutlar suzib yuribdi. Sarsor solsam, otlarning yurishiga hamohangdek. Ya’ni ularning ustiga soya tashlab borayotgandek. Sal oldinda ikki-uch qush ham ajabtovur chug‘urlashgancha uchib borishyapti. Esladim: ular safarimizning ibtidosidanoq hamrohimiz bo‘lgan chiqdi. Ajabo!.. Bir pasda iyib-jo‘shib ketdim. Axir butun borliq: yerda yo‘l, o‘rkach-o‘rkach qumtepaliklar, ko‘kda esa bulut va qushlar… hamma-hammasi menga ko‘makdosh ekan, hech shubha yo‘qki, uhdamdagi vazifani bekamu ko‘st bajargumdir! Aqlimga kelgan bu fikrdan olamni to‘ldirib yana bir hayqirgim keldiyu qo‘rqdim: istagim boyagidek teskariga aylanib ketmasin tag‘in…

Yoz emasmi, halitdan qizdirgani qizdirgan. Tashnalik jon-jonimdan o‘tganda yo‘l uzog‘i chayqalib-jimirlab, halqob-halqob suvga aylanadi: “saro-o-o-ob” deyman-u iztirob bilan tamshanaman. “Shunchalar nodon bo‘lamanmi, — koyiyman o‘zimni o‘zim, — nega bittagina ko‘zada suv olvolmadim? Axir yo‘lga chiqayotganimni bilardim, boz ustiga jaziramada!..”

Ichimga behuzurlik kirib najotni atrofdan izlay boshlashim bilan negadir aravamning maromiga ham putur yetdi: otlar sezilarli darajada sekinlashdi. Endi jilovni siltashni bas qilaman – boshustlarida bulutlardan shamsiya bo‘lsa-da, issiqda boyaqish jonivorlarga ham jabr, deyman. O‘zlari xohlagancha tortib borishaversinchi, bir gap bo‘lar – o‘ylanaman. Ammo vaqt o‘tgani sayin aravaga ortilgan yuk zalvor bosayotganini, ulovning g‘ichirlab borayotgan g‘ildiraklari tobora yovosh aylanayotganini ich-ichimdan sezaman. Bu yog‘i necha pulga tushdi? deb qo‘yaman peshonamga toshib chiqqan reza-reza terni qo‘limdagi oppoq durra bilan sirib artarkan.

Manzil!.. Eh-he, u hali juda olisda, ufqlarga yondash sarhadlarga esh go‘yo. Ammo menga bir tekisda harakatlansang, qosh qorayguncha mazgilga doriysan, shu yo‘lning o‘zi u yerga eltadi, deb uqtirishgan. Men ham shunga ishonganman, chanqoqni aytmaganda, ishonchim hali-hamon bus-butun. Biroq chanqoq ham borgan sari zabtiga olar, ichimga anavi o‘rkach-o‘rkach qaynoq qumliklar ko‘chib o‘tayotganga o‘xshardi.

Bir mahal uzoqdan sardobamonand nimadir ko‘zga chalindi. Boshda ko‘pda umidlanmadim, zero sarobdan yurak oldirib qo‘ygandim-da. Biroq yovuqlashsam hamki, sardobaning qorasi o‘chavermadi. Qaytaga tobora tiniq tortib, ko‘z o‘ngimda butun mahobati bilan yuksalib, qad ko‘tardi. U — yo‘l chetidagi kattakon karvonsaroy bo‘lib chiqdi. Quvonganimdan otlarni qanday to‘xtatib, aravadan qanday tushganimni-yu ko‘z ochib yumguncha tabaqalari lang ochiq darvoza qarshisida qanday paydo bo‘lganimni bilmayman. Oh! Shu tobda menga hayot go‘yo qaytib berilgandek edi!..

Bo‘sag‘ada meni sarvqomat, ko‘zlari ohunikini eslatadigan jonon qiz qirmizi dudoqlarida nim tabassum ila kutib oldi. Og‘iz ochishga ulgurmasimdan nariroqda shildirab oqib turgan chashmaga ishora qildi. Chopib o‘sha yerga o‘zimni urdim. Qulog‘iga — olib ketilmasligi uchun bo‘lsa kerak, — ingichka zanjir bog‘langan munaqqash mis piyolani to‘latib ichdim. Yutoqib-yutoqib simirdim. To‘rt-besh piyola sipqoraman, deb o‘ylagandim, yanglishgan ekanman, bir piyola kifoya qildi. Ajablandim. Baquvvat, yag‘rindor yigit bo‘lsam, yozning chillasida, quyoshning tig‘ida subhi sodiqdan beri yo‘l yurib obdon chanqagan esamu qayoqdagi munchoqdek bir piyola suv bilan tashnaligim tamoman qonsa?.. Hay mayli, bu gaplarni ham qo‘yaylik. Muhimi, azoblarim barham topib, ko‘zlarim yaraqlab ochildi. Vujudim orom olib, yo‘l yurishga o‘zimni yana tayyor sezdim. Keyin yuz-qo‘limni yuvdim. Va, bas!..

Endi olg‘a intilishim kerak! Bu yerda va umuman hech qayerda hayallashim mumkin emas, og‘ishmay manzil tomon yo‘l yurishim shart! Menga shunday jiddiy bir vazifa tayinlangan, men ham sidqidildan qabul aylagan edim. Qabul aylamaganimda safarga chiqmasdim, buniyam bilardim. Fursatni boy bermay yonimni kavlab aqcha chiqardim. Lekin mutavoze’ qiz uni olmay, qo‘l ishorasi bilan ichkariga yo‘lladi. Ya’ni u yoqqa borib to‘lang, demoqchi bo‘ldi. Men beixtiyor ichkariga odimladim. Eh-he! Qayerga kelib qoldim o‘zi! Namuncha serhasham va mo‘l-ko‘l bo‘lmasa biyobonning qoq o‘rtasidagi bu go‘sha! Odamni aytmaysizmi, qaynaydi-ya qaynaydi! Chor tomondagi qo‘shqavatli imoratu hovli sahni qaldirg‘ochdek tizilib o‘tirgan xo‘randalar bilan to‘la. Ularning nash’ali yuzlariga boqarkanman, havaslandim. Agar… agar mas’uliyatli vazifam bo‘lmaganida men ham shu yerda qolardim, ulardek maishatga tolardim, deb suqlandim. Agar vazifam bo‘lmaganida…

Bir zum kalovlanib qoldim: qayerga borib, kimga to‘layman suv haqini?..

Ko‘zim etakdagi, umumiy manzaradan panaroqdagi odamlarga tushdi: ular saf tortib turishardi. Ammo yuzlarida negadir shodlik alomatini ko‘rmadim. Tavba-a-a, dedim tong qolib. Chunki tund qiyofalar bu yerdagi salobatga, dabdabaga, yeb-ichib, kayf-safo qilib o‘tirgan kishilarning yalpi ko‘tarinki kayfiyatiga uyg‘un kelmasdi-da! Beixtiyor o‘sha yoqqa yurdim: haq to‘lanadigan tuynuk deganlari shu tomonda bo‘lsa kerak — chamaladim. Xushxon va maston davralarni aylanib o‘tarkanman, og‘zimning suvi qochdi…

Voqean, menga kerakli bo‘lgan joy shu yer chiqdi. Navbatga turishga turdimu ichimga g‘ulg‘ula tushdi: nahotki, bir piyola suv haqini to‘layman deb shuncha odamni poylasam, oltindek vaqtimni ko‘klarga sovursam? Axir mening vazifam bor edi, vazifam!.. Alanglab xizmat qilib yurgan laganbardorlarga, ko‘rinishlaridan ma’muriyat xodimlariga o‘xshagan olifta kishilarga umid bilan qaradim, hatto ikki-uchtasining oldigayam bordim, ne yoziqki, ular dardimni eshitishniyam xohlashmadi: hammasi sovuq bir tarzda tuynuk tarafni, u yerda qator turgan odamlarni ko‘rsatishdi. Shundagina xo‘randalarning holini, zabun kayfiyatlarini tushundim. Boyagi anglashilmovchilik tumandek tarqab ketdi. Indamay borib, quyruqqa tiqildim.

…agar bilganimda, bir piyola suvni deb shuncha vaqt oyoqda tik turib kutishimni, vaqtimni suvlarga oqizishimni, vazifamni o‘ylab vijdon azobida qolishimni oldindan sezganimda bu yerga kirarmidim? Aytishga oson, xolos. Aslida, toqatim toq bo‘ldi. qismatdoshlarim bilan dardlashaman, deya og‘iz ochamanu javob ololmayman. Hammasining og‘zida talqoni bormi? — o‘ylanaman. Yo bari soqovmi?..

Qoqilgan qoziqdek tik turaverish jonga tegadi. Oyoqlarga bir zum dam berish uchun cho‘kkalayman, ko‘p o‘tmay esa tizzalarim uyushib chor-nochor qo‘zg‘alaman. Endi mening ham gaplashishga na hushimu na kuchim qoladi… Shunda men ham safda turganlarning bittasiga aylanganimni alam bilan his qilaman: soqov va gung bo‘lib olaman… Shu ko‘yi sahnada o‘tirganlaru navbatda tik turganlarga azmoyish-la qarayman: hayhot! — bu yerga kirayotganda hammaning ko‘zlarida umid va quvonch charaqlardiyu, chiqayotganda esa o‘kinch va malol yolqinlanardi. Qatorda turarkan, sahna va qo‘shqavatda yastanib olgancha ko‘ngilxushlik qilayotganlarga endi achinish bilan boqaman. Qaniydi bir pasdan keyingi hollarini ko‘ra-bilsaydilar, deyman… ichimda…

Vaqt aylandi, men atrofni kuzatishdan ham charchadim. Cho‘kka tushgan ko‘yi ko‘zlarimni yumdim. Lahza o‘tmay vujudimda yana tanish tashnalik o‘rmalay boshladi — yarq etib ko‘zlarimni ochdim! Vo darig‘, bu nimasi? Men chanqog‘imni bosish uchun bir piyola suv sipqordimu, uning haqini to‘lash uchun sirada turarkan, tag‘in suvsadimmi?!.. Tushib qolgan holimga maymunlar yig‘laydigan edi. Lekin navbatni tark etib, yana o‘sha chashmaning boshiga borib suv ichishga botinmasdim: axir, siram qo‘ldan ketadi. Axir, navbatda turgan odamlar izdihomining na boshi, na oxiri ko‘rinadi!.. Shu yerda ham o‘z o‘rningga ega bo‘lishing kerakligi meni jinni qilayozdi… Shunday ekan, navbatdan chiqishga kimning ham yuragi dov berardi? Tishimni tishimga bosib kutishda davom etdim…

G‘oyat imillab oldinga harakatlanayotgan safda ba’zan xud, ba’zan bexud edim. Goh hushimga kelib, oldindagi safdoshimni turtib yurishga undasam, goh, issiq va tashnalikdan, zo‘riqish va diqqinafaslikdan ne ko‘ylarga tushganimni bilmay alahsaganimda, izimdan kelayotgan sho‘rlik meni nuqib harakatlanishga undardi… Shu tarzda qancha fursat kechdi? — bilmayman. Yelkamdan birov qattiq itardi, o‘zimga kelib ko‘zimni ochib qarasam, tuynukning shundoq ro‘parasidaman! Oh, deb yubordim beixtiyor. Azza bazza kissamdan pul chiqarib g‘aznachiga uzatdim-da, shoshib u yerdan uzoqlashdim…

Odim otarkanman, negadir vujudimda lohaslik, charchoq sezardim. qadamlarim ham negadir bu yerga ilk kirganimdagidek dadil emas, allaqanday og‘ir, kuchsiz va hafsalasiz… lekin nega? Yo shunchalar uzoq vaqt qolib ketdimmi bu yerda: toliqdimmi, ezildimmi?..

Ammo, bular nima degan gap? Axir navbatdan qutuldim-ku! Tashqariga eson-omon chiqib olganimdan sevinchim ichimga sig‘masdi, hadeb ko‘kka sakragim kelardi. Shu mahal allaqanday g‘ayrishuuriy savq ila sezib qoldimki, vujudim bu ishga qodir emas! Hayron bo‘lib qo‘l-oyoqlarimga qaradim: yo Parvardigor! Bu nimasi!? Qanday joduga uchradim men? Kirganimda yoshlik shijoati ufurib, tiyiqsiz kuch-quvvatga to‘lgan tanim tirishib, eti ustixoniga yopishib qolgan, suyaklar teridan bo‘rtib chiqib turar, juda-juda mo‘rt va quvvatsiz tuyulardi. Angrayib, og‘zim ochilgancha atrofga ko‘mak ilinjida boqdim va… va ko‘zlarim yana o‘sha eshikbon qizga tushdi! Tushdiyu lolu hayronligim ming chandon ortdi: qiz men kirayotganda qanday zirillama yosh va lobar bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham o‘shandog‘icha turar, qirmizi lablaridagi nimtabassum bilan tashnalarni ichkariga tinmay chorlar, tashrifchilarning bo‘lsa keti uzilmasdi… Darvoqe, nazarimda bironta arava ham karvonsaroyni chetlab o‘tib ketmayotgandek, aksincha, bari-barchasi to‘xtab, ulardan sakrab tushayotgan aravakashlar o‘laman sattor deyarchasiga o‘zlarini yosh qiz ko‘rsatayotgan o‘sha chashmaga, uning bir piyolagina suviga urayotgandek edi…

Boshim aylanib, gandiraklab yuztuban yiqildim. Ko‘zimga, og‘zimga tuproq kirdi. Negadir u iliq edi. Lablarim yorildi, shekilli, achisha boshladi. Yotgan ko‘yi surindim, paypaslandim. Ittifoqo, barmoqlarim tayoqni his qildi: mahkam tutib, suyanib dol qaddimni rostlashga urindim. Yuz-ko‘zlarimni artib, qoboqlarimni ochdim: qarshimda arava turardi. Lop etib hammasi yodimga tushdi. Axir… axir mening vazifam bormasmidi, juda muhim topshiriq bilan yo‘lga tushmaganmidim! Keyin… keyin to‘satdan qosh qorayganini payqab, dahshatdan kesakday qotdim: hammasi sob bo‘ldimi?! O‘z zimmamga yuklatilgan muqaddas vazifani uddalayolmay dog‘da qoldimmi?!.. deya baqirmoqchi bo‘ldim… lekin ovozim chiqmadi, ammo hayqiriq miyamda portlaganini aniq his qildim…

Hassaga tayana-tayana, bir-bir bosib aravaga yaqinlashib, hasrat-la unga suyandim. Shunda o‘mganim, yonboshim jiqqa ho‘l bo‘lganini sezib, tislandim-da ko‘zlarimni yirib aravaga qaradim: undan yerga suv sizaru tuproq betida kichik bir ko‘lmakcha hosil qilgan edi. Ajablandim, bor madorimni to‘plab, arava ustiga yopilgan matoni qaltiroq, ramaqijon qo‘llarim bilan tirmalab ochdim… E voh, shu choqqacha boshimga tushgan ajabtovur voqealar bir yonu bunisi bir yon bo‘ldi: ne ko‘z bilan ko‘rayki, aravaning ichida suv to‘la ko‘zalar qator tizilishib turar, ulardan bittasi yiqilib singganu suvi quyiga – asriy tashna qumliklarga chak-chak tomardi…

2011-yil, fevral